Foto: Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Bugun, 16 avgust kuni Shveytsariyaning Bern shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Shveytsariya Konfederatsiyasi o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasi va Shveytsariya Konfederatsiyasi o‘rtasidagi Shveytsariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlarida qaytarish yo‘llari to‘g‘risida”gi bitim imzolandi.

Bitimni O‘zbekiston nomidan adliya vaziri Ruslanbek Davletov va Shveytsariya nomidan mamlakat prezidenti Inyatsio Kassis imzoladi.

Bitimni imzolash marosimida BMTning Ko‘p-sheriklik trast jamg‘armasi ofisi ijrochi koordinatori J.Topping ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.

“Bitimning imzolanishi ilgari Gulnora Karimova boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh tomonidan noqonuniy ravishda orttirilgan va Shveytsariyada legallashtirilgan 131 mln AQSh dollarining Shveytsariya tomonidan O‘zbekiston xalqiga darhol qaytarilishini anglatadi”, – deyiladi xabarda.

Bu boradagi muzokaralar 2 yil davom etdi.

“Bitim noqonuniy orrtirilgan taqriban 131 mln AQSh dollariga (taqriban 1,4 trln so‘m) teng aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishni, noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarishning asosiy prinsiplari, mexanizm va maqsadlarini belgilaydi”, – deya aniqlik kiritgan Adliya vazirligi.

Foto: Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Bitimga muvofiq, noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarishning quyidagi asosiy prinsiplari belgilanmoqda:

  • ochiqlik va oshkoralik, restitutsiya to‘g‘risidagi axborotni jamoatchilikka ochiq e’lon qilish;
  • ushbu jarayonda fuqarolik jamiyatining ishtiroki;
  • qaytarilgan mablag‘larni pirovardida ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltirilishi;
  • O‘zbekiston va Shveytsariya o‘rtasida restitutsiya masalalari bo‘yicha doimiy, samarali va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotning davom ettirilishi.