Yaponiya nashrlari yozishicha, bu holat 20-avgust kuni roʻy bergan. Ota 7 va 12 yoshlardagi oʻgʻillari bilan anʼanaviy marshrut boʻyicha Fudziyama choʻqqisini (balandligi – 3776 metr) zabt etish uchun yoʻlga chiqqan.

Marshrut boshida kichik oʻgʻil charchaganini aytgan. Kattasi esa ancha oldinga chiqib ketgandi, natijada ota kichik oʻgʻlini yoʻl chetidagi oʻrindiqqa oʻtirgʻizib, unga ichimlik va yegulik bergan hamda shu joyda kutib turishni tayinlagan, oʻzi esa yuqoriga yurishda davom etgan.

«Fudzinomiya» marshrutidagi oltinchi stansiya ishchilari 2 kilometrdan ortiq balandlikda bolani uchratib qolishgan. U tuman ichida va yomgʻir ostida oʻtirgandi.

Ishchilar politsiyani chaqirishgan va yettinchi va sakkizinchi stansiyalar oraligʻida otani ham topishgan – bu u bolani qoldirgan joydan piyoda yurganda taxminan uch soatlik masofa edi.

Politsiyachilar otaga zudlik bilan qaytishni buyurishgan va oʻgʻlini yolgʻiz qoldirgani uchun unga qatʼiy ogohlantirish berilgan. Natijada bola sakkiz soat davomida bir joyda qolib ketgan.

«Toqqa koʻtarilishdan voz kechishga toʻgʻri kelsa ham, bolani qoldirib ketmaslik kerak edi», – deya politsiyachilardan birining soʻzlarini keltiradi Japan Today nashri.

Ota xatoga yoʻl qoʻyganiga iqror boʻlib, politsiyadan uzr soʻragan.

Ota oʻgʻillari bilan harakatlangan «Fudzinomiya» marshruti jamoat transportida yetib borish mumkin boʻlgan beshinchi stansiyadan boshlanadi.

Shu stansiyadan choʻqqiga chiqishgacha besh soat vaqt ketadi, ortga tushishga yana uch soatga yaqin vaqt talab etiladi.

Soʻnggi vaqtlarda Fudziyamada bir necha koʻngilsiz hodisalar roʻy bergan.

Iyul oyida uning yonbagʻirlaridan yiqilib, soni va belini jarohatlagan 99 yoshli ayolni evakuatsiya qilishga toʻgʻri kelgan, oʻtgan yili esa u yerga mavsumiy cheklov amal qilayotgan davrda chiqqan 27 yoshli talabani ikki marta qutqarishga toʻgʻri kelgan. Ikkinchi martasida u yoʻqolgan mobil telefonini qidirish uchun qayta chiqib ketgandi.

Tokiodan janubi-gʻarbdagi Fudziyama togʻi Yaponiyaning uchta muqaddas togʻlaridan biri hisoblanadi va koʻplab anʼanaviy yapon rasmlarida tasvirlangan.

2013-yil ushbu togʻ YuNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.

Har yili Fudziyama choʻqqisiga 200 mingga yaqin odam chiqadi, mavsumiy cheklovlardan tashqari, baʼzi yoʻnalishlarda choʻqqini zabt etish uchun kunlik cheklovlar ham amal qiladi.