“Kun.uz” tahririyatiga Shahrixon tumanidan kelgan murojaatga e'tibor qaratamiz:  

“Men, Odiljon Qodirov Andijon viloyati, Shahrixon tumani “Navro‘z” mahallasi “Yangi turmush” ko‘chasi 24- uyda istiqomat qilaman.  

Shu yil 13 may kuni xonadonimizga Islombek Shomatov degan yigit kelib:  “Shahrixon tuman MIB bo‘limi xodimiman. Ko‘changizdagi sim yog‘ochga o‘rnatilgan elektr hisoblagichni tekshiramiz” dedi.

Men bu yigitni avval ko‘rmaganman. Maxsus kiyimi ham yo‘q edi. Unga “Hujjatingiz bormi?” dedim. U: “Menga forma yetmay qolgan, hujjatim esa ishxonada mashinamda qolibdi” deya javob berdi. “Sizni ko‘rmagan ekanman. Uzr, simyog‘ochdagi o‘zimni va qo‘shnilarimning hisoblagichlarini  hujjatingizni olib kelgach tekshirarsiz...” deb uydan olib chiqqan narvonimni yig‘ishtirib qo‘ydim. 

U yigit menga achchiq qilib ketdi va ancha vaqtdan so‘ng MIB yozuvi tushirilgan ko‘krak nishonni ko‘tarib keldi (agar shuni hujjat deb bilsak?) boshqa tomondan esa o‘zini  O. Asqarov deya tanishtirgan sherigi ham yetib keldi. U elektr ta'minoti bo‘limi xodimi ekan. So‘ng hisoblagichlarni tekshirishga ruxsat berishim bilan ikkovi menga muomalalarini ters holda o‘zgartirishdi. Islom Shomatov: “Siz mendan hujjat so‘radingiz-a? Endi o‘zingizdan ko‘ring!” dedi. So‘ng: “Hisoblagichingiz simyog‘ochga 2 metrdan yuqoriga o‘rnatilgan, boz ustiga eski rusumdagi ekan. Yana raqami bizdagi raqam bilan mos kelmadi”  deya dalolatnoma tuzishdi.

1999 yili elektr tarmoqlari xodimi laboratoriyadan o‘tgan hisoblagichni o‘rnatib, ro‘yxatga olingan daftarchani berib ketgan. Har gal o‘zim borib, qarzdorligimni tekshirtirganimda yo bulmasa elektr vakili uyimga kelib ko‘rganida muammo aytilmagan. Bu holat dalolatnoma yozib, jarima qo‘llash darajasidagi kamchilik ekanligi meni hayron qoldirdi. “8-9 yilcha avval xizmat safarida bo‘lgan paytim mahalliy hokimiyat buyrug‘i deb, barcha hisoblagichlarni ko‘chaga beton simyog‘ochga o‘rnatib ketishgan. Uni ikki metrdan yuqoriga qo‘yish masalasida meni hech kim ogohlantirmagan”,- deyishimga qaramay, ko‘krak nishonli MIB xodimi dalolatnomaga qo‘l qo‘yib berishim zarurligini aytib  turib oldi, men esa dalolatnomani o‘qib ko‘rgach, imzo qo‘yishdan bosh tortdim. Sababi, dalolatnomada barcha ayblovlar mening zimmamga yuklatilgan edi.

Xodimning “Imzo qo‘ymasangiz elektr ta'minotidan uzib qo‘yaman”, degan dag‘dag‘asidan so‘ng, men unga: “To‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab borayotgan bo‘lsam 20 yilga yaqin muammosiz kelayotgan edi. Hujjatingizni so‘raganimdan so‘ng menga atay qasd qilib faqat mening hisoblagichimni shu tariqa tekshiryapsiz. Holbuki, barcha mahalladagi xonadonlarniki shunday holda. Uzmaysiz! 80 yoshdan oshgan onam bor qiynalib qoladi” dedim. U menga tahdid qilganicha: “Siz Prezident qaroriga qarshi chiqdingiz! Ertaga gruppa kelib, simyog‘ochdan uzib ketadi” deb do‘q qilib chiqib ketdi.