Oqqo‘rg‘onda maktab o‘quvchilari dars paytida pul olib kelish uchun uyiga jo‘natildi
Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi maktablardan birida o‘quvchilar dars tugamay, ustozlari tomonidan pul olib kelish uchun uyiga jo‘natildi. Bolalarning aytishicha, 10 ming so‘m pul sim-karta sotib olish uchun so‘ralyapti. Bu – “Tashabbusli budjet” bilan bog‘liq ekani taxmin qilinyapti.
Toshkent viloyatida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari dars vaqtida uyiga pul olib kelish uchun jo‘natilgani aytilmoqda. Holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani “Bayguli” MFYdagi 17-maktab o‘quvchilari ekani aytilayotgan bolalar, video muallifining dars vaqtida nega uyiga ketishayotgani haqidagi savoliga javoban, ularning portfeli maktabda olib qolingani, o‘qituvchilari sim-karta sotib olish uchun 10 ming so‘mdan pul olib kelishni tayinlaganini aytadi.
“Ustozim aytdi, pul olib kelinglar dedi, 10 mingdan”, deydi uyiga ketayotgan boshlang‘ich sinf o‘quvchisi.
“Sim-karta olar ekan-da, odam yig‘ar ekan. Maktabimizga narsalar olar ekan”, deydi qo‘lida 10 ming so‘m bilan maktabga qaytayotgan 2-sinf o‘quvchisi.
“Menga ham 10 mingdan dedi. Sumkangni tashlab, boringlar dedi”, – deya cho‘ntagida pul borligiga ishora qilgan boshqa bir o‘quvchi.
Toshkent viloyati hokimligi holatni qoralab, o‘rganish ishlari boshlanganini bildirdi.
“Bugungi kunda keng ommalashib, xalq ovoziga aylanib borayotgan “Open budjet” kampaniyasini bunday talqin qilish, bolalardan foydalanishni oqlab bo‘lmaydi.
Vaziyat viloyat hokimining o‘rinbosari Otabek Sultonbekov tomonidan nazoratga olindi va o‘rganish boshlandi”, – deyiladi rasmiy axborotda.
Hokimlikka ko‘ra, yaqin soatlarda holat bo‘yicha batafsil va asoslantirilgan axborot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, “Tashabbusli budjet”ning joriy yildagi 1-mavsumi doirasida tashabbuslarga ovoz berish jarayoni 18 martdan boshlangan. Kampaniya 7 aprelgacha davom etadi.
Ovoz yig‘ish jarayonidagi holatlar keng muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda bu jarayonga o‘qituvchilar, shifokorlar va bog‘cha xodimlari majburlanayotgani haqida yozishmoqda.
Mavzuga oid
23:07 / 21.12.2024
Toshkent viloyatida chiqindi poligonlari xizmat narxi oshiriladi
16:16 / 17.12.2024
Toshkent viloyatida 8,7 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan sex fosh etildi
20:14 / 16.12.2024
Toshkent viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
21:41 / 14.12.2024