O‘zbekiston | 15:40 / 09.01.2024
21962
2 daqiqa o‘qiladi

Amrillo Inoyatov yangi lavozimda ish boshladi

Sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Salomatlik va strategik rivojlanish instituti direktori lavozimiga tayinlangan.

Foto: Oliy majlis

Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan Amrillo Shodiyevich Inoyatov Salomatlik va strategik rivojlanish instituti direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

2023 yilning sentabr oyida Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti etib qayta tashkil qilingandi.

Amrillo Inoyatov 1979 yilda tug‘ilgan. 2001 yil Buxoro davlat tibbiyot institutini, 2005 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasida «Bolalar yuz-jag‘ jarrohligi» mutaxassisligi bo‘yicha aspiranturani tamomlagan. 

Mehnat faoliyatini 2001 yilda Buxoro davlat tibbiyot instituti ilmiy-tekshirish laboratoriyasida boshlagan. 2006-2014 yillarda ushbu institutning «Xirurgik stomatologiya» kafedrasi assistenti, mazkur kafedra mudiri, Stomatologiya fakulteti dekani vazifalarida ishlagan. 2014-2020 yillarda Toshkent davlat stomatologiya instituti Buxoro filialining Stomatologiya fakulteti dekani, ushbu filial direktori, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Amrillo Inoyatov 2020 yil iyulida O‘zbekiston prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. 

2020 yil noyabrdan sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, 2022 yil dekabrida sog‘liqni saqlash vaziriga aylangandi.

2023 yil 4 yanvar kuni esa u vazirlikdan ketgani, prezident administratsiyasining Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbarining birinchi o‘rinbosari Asilbek Xudayarovga sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajarish yuklatilgani ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid