Siroj Bozor oʻgʻli Bekchanov Atom energiyasi agentligi huzuridagi Atomchilar shaharchasini qurish boʻyicha direksiyasi davlat muassasasi direktori etib tayinlandi, deya xabar berdi «Oʻzatom».
Direksiya Jizzax viloyatining Forish tumanida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi qurilishi munosabati bilan mutaxassislar va ularning oila aʼzolari uchun turar joy, ijtimoiy va infratuzilma obyektlarini qurish bilan shugʻullanadi.
Siroj Bekchanov Urganch davlat universitetini tamomlagan. Turli yillarda Xorazm viloyatida elektr tarmoqlari, iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish, qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish sohalarida turli lavozimlarda ishlagan.
2023-yil aprelidan buyon Xorazm viloyati hokimining qurilish, toʻsiqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
Bundan avvalroq Bekchanov oʻrniga Muzaffar Qalandarov Xorazm viloyati hokimiga oʻrinbosar etib tayinlangani xabar qilingandi.
















