YuNESKOning xorijda tahsil olayotgan talabalar bo‘yicha 2021 yildagi hisobotiga ko‘ra, 109 ming 945 nafar o‘zbekistonlik chet elda tahsil olyapti. Albatta, bu ko‘zni quvontiradigan, qandaydir umidbaxsh hissiyotlar beradigan raqamlar. Ammo vaziyat chuqurroq tahlil qilib ko‘rilsa, bu borada jiddiy muammolar borligini ko‘rish mumkin.
Nega chet elda o‘qiyotgan o‘zbekistonliklar soni keskin ko‘paydi?
Xorijda tahsil olayotgan o‘zbek talabalar soni 2015 yilda 28,1 ming nafarni, 2016 yilda esa 32,9 ming nafarni tashkil etgan. 2015-2021 yillar oralig‘ida ularning soni qariyb 4 barobarga oshgan. Bunga quyidagi omillar ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Birinchidan, uzoq yillar davomida oliy ta’limdagi talab va taklif orasida katta nomutanosiblik mavjud edi. Masalan, 2015/2016 o‘quv yilida bakalavr ta’lim yo‘nalishiga 57 ming 907 nafar talaba (taqqoslash uchun, 2023/2024 o‘quv yilida 193 ming 421 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgan) qabul qilingan. Ushbu davrda talabalik yoshidagi aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinish darajasi 9 foizdan oshmagan, sohani davlat g‘aznasidan moliyalashtirish mamlakat yalpi ichki mahsulotining atigi 0,4 foizini tashkil etgan. Bu jahondagi eng yomon ko‘rsatkichlardan biri bo‘lgan.
Natijada 4-5 yillab universitetga kirolmagan, katta “abituriyentlar armiyasi” shakllangan edi va ularning soni yildan yilga oshib borardi. Hukumat almashinuvi fonida qo‘shni va qardosh mamlakatlar bilan aloqalarning yaxshilanishi, o‘qishni ko‘chirish va xorijda olingan diplomlarni tan olishning nisbatan soddalashtirilishi o‘n minglab yoshlarni, birinchi navbatda, chegaradosh mamlakatlar va possovet mamlakatlari OTM tomon undaydi.
















