Bu haqda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi Abdushukur Abdullayev 10 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan «Hukumat soati»dagi hisobotida ma'lum qildi.
«Tahlillarimizga ko‘ra, 2020 yilning 1 fevral holatiga:
- respublika miqyosida 37700ta holatda sug‘oriladigan yerlar o‘zboshimchalik bilan egallab olingan;
- jami 7948 gektar ekin maydonida uylar qurilgan, bog‘lar tashkil etilgan, ayrim fermerlar o‘ziga foydalanish uchun berilgan yerlarni turarjoy qurish uchun boshqa fuqarolarga sotib yuborishgan.

Mana shu holatlarga barham berish, davlat zaxirasida turgan yer maydonlarini davlatga qaytarish bo‘yicha davlat rahbarining topshirig‘iga binoan butun respublika bo‘yicha keng masshtabda ishlar olib borilmoqda.
Shu maqsadda har bir tumanda mahalliy hokimlik, huquqni muhofaza qilish idoralari hamda yer bilan bog‘liq masalalarda mutasaddi hisoblangan tashkilotlarning vakillari ishtirokida ishchi guruhlar tuzilgan bo‘lib, ularning sa'y-harakatlari natijasida 2020 yil 2 mart holatiga ko‘ra o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 7948 gektar ekin maydonining qariyb 30 foizi qaytarildi», dedi Abdullayev.
Uning hisobotiga ko‘ra, 2000-2020 yillarda O‘zbekiston bo‘ylab jami 160 ming gektarga yaqin yer maydoni asossiz tarzda sug‘oriladigan yer maydoni toifasidan chiqarib yuborilgan.

«2000 yildan to shu kungacha bo‘lgan vaqt mobaynida respublikamizda 160 ming gektarga yaqin yer maydoni sug‘oriladigan yer maydoni toifasidan chiqib qolgan. Aslida ular sug‘oriladigan yerlar hisoblanadi. Bu yerlar hisobotlarda ekin maydoni deb ko‘rsatilib kelingan.
Joyiga chiqib o‘rganganimizda bunday yerlarda turli xil bino-inshootlar, ishlab chiqarish obektlari qurib tashlanganini ko‘rdik.
O‘zbekistonda ekin maydonlari cheksiz emas. Ekin maydonlarimiz 4,2 mln gektarni tashkil qiladi. Buning hammasi sug‘oriladigan yer emas, afsuski, ularning hajmi ancha kam», deydi Abdushukur Abdullayev.
















