Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ikkilamchi ijaraga berish va ulardan samarali foydalanish tartibini takomillashtirishga oid qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.
Quyi palata bu qonun loyihasini fevral oyida mas’ul qo‘mitaga qaytargan edi. O‘tgan davrda qo‘mita taklif etilayotgan normalarni viloyatlarga chiqqan holda, fermer xo‘jaliklari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rgangan.
Loyiha bilan, Yer kodeksiga, “Ijara to‘g‘risida”gi va “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlari 10 yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi nazarda tutilmoqda.
Ikkilamchi ijaraga berilgan bu maydonlarga maqbul ekinlar ekilishi yoki tut ko‘chatlari o‘tqazilishi lozim bo‘ladi.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan Yer kodeksiga pillachilik va tutchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga, agrosanoat klasterlariga va boshqa yuridik shaxslarga maydoni 10 gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari ajratilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi organlarining ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga doir vakolatlari nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasining birinchi o‘qishdan o‘tgani haqidagi rasmiy xabarda, shuningdek, loyihaning yana ayrim tafsilotlari keltirib o‘tilgandi.









