Muallif dunyo bo‘ylab koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun amalga oshirilayotgan choralar natijasida yuzaga kelgan global inqiroz ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan davlatlarning kredit reytinglari yoki ular bo‘yicha kutilmalarga salbiy ta'sir qilayotgani ta'kidlab o‘tgan. Undan keyingi bo‘limda O‘zbekistonning kredit reytingi barqarorligini ta'minlovchi ichki va tashqi omillar haqida so‘z boradi.

Joriy yil 5 iyun kuni «S&P Global Ratings» xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingini «BB-/V» darajasida tasdiqladi. Shu bilan birga, agentlik mamlakat suveren kredit reytingi bo‘yicha kutilmasini «barqaror»dan «salbiy»ga qayta ko‘rib chiqdi.

Agentlikning salbiy kutilmasi O‘zbekistonning tashqi qarzi kutilganidan tezroq sur'atlarda o‘sayotgani, joriy yilda davlat tomonidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va investitsiya dasturlarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlaridan qarz jalb qilayotgani hamda joriy operatsiyalar hisobi defitsitining yuqori darajada kutilishi bilan izohlanadi.

S&P kutilmasining «barqaror»dan «salbiy»ga o‘zgartirilishi nimani anglatadi?

Bu shuni anglatadiki, O‘zbekistonning kredit reytingi keyingi 6 oydan 2 yilgacha bo‘lgan muddatda ikki ssenariyda (pasayish yoki ko‘tarilish) o‘zgarishi mumkin:

1. Agar O‘zbekiston iqtisodiyoti keyingi ikki yilda uzoq davom etadigan iqtisodiy sekinlashishga duch kelsa yoki to‘lov balansi joriy operatsiyalar hisobi kutilganidan ko‘ra yomonlashsa, agentlik mamlakat kredit reytingini «BB-» darajadan «B+» darajaga pasaytirishi mumkin;

2. Agar qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda O‘zbekistonning global iqtisodiyotga integratsiyalashuvining (Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lib qo‘shilishi) tezlashishi hamda davlat korxonalarining isloh qilinishi bilan iqtisodiyotimiz ishlab chiqarish salohiyati va tashqi shoklarga bardoshliligi oshib, davlat tashqi qarzi o‘sish sur'ati sekinlashsa, agentlik respublikamiz kredit reytingi bo‘yicha kutilmasini «barqaror» darajaga ko‘tarishi mumkin.     

Pandemiyada dunyo mamlakatlari suveren kredit reytinglaridagi o‘zgarishlar