Taklif muallifi – Putin

AQSH prezidenti bunday formatdagi uchrashuvga qarshi emasligi, lekin unda urushni emas, «yadroviy qurolni muhokama qilmoqchi ekanini» aytdi. «Prezident Si xohlasa, men tayyorman», dedi Tramp. Avvalroq OAVda bunday taklif oʻzaro telefon suhbati chogʻida Putindan chiqqani haqida yozishgandi. Tramp jurnalistlarga bergan javobida «Si xohlasa, uchrashaman», dedi, «Si va Putin xohlasa», demadi. Demak taklif Putindan chiqqani rostga oʻxshaydi.

Rossiya prezidenti bunday taklif bergani mantiqiy. Hech nima hal boʻlmasa ham, Ukraina taqdiri Kiev ishtirokisiz AQSH, Rossiya va Chin liderlari tomonidan muhokama qilinganining oʻzi Yevropa uchun jiddiy signal. «Urushni birpasda yumaloq yostiq qilishni» koʻzlagan derjava oltinchi yilga kelib hamon Donbass olinmagan bir vaqtda mana shunday signallar yuborish haqida oʻylamoqda. Nihoyatda adolatli reallik.

Tramp goʻyoki Ukraina u uchun mutlaqo ahamiyatsiz ekanini koʻrsatish uchun bu uchrashuvda «jon deb yadroviy qurolsizlanishni muhokama qilishini» aytdi. Lekin asosiy masala bir vaqtlar Trampga «sakragan» Zelenskiy Amerikaga yoʻq degani uchun uning dodini berishga urinish ekani koʻrinib turibdi.

Avvalroq Amerikaning WSJ nashri oʻzaro telefon suhbati chogʻida Putin Trampga Ukrainadagi urush borasida uch tomonlama uchrashuv oʻtkazishni taklif qilgani haqida yozgandi. Oʻsha suhbatda Putin urushni Moskvaga maʼqul boʻlgan shartlarda tugatishni taklif qilgan. Nashrga koʻra, Pekin ham Tramp uchrashuvga tayyor boʻlsa, Xitoy raisi qarshi boʻlmasligini bildirgan. Uchrashish uchun bahona ham bor. 18-19 noyabr kunlari Xitoyda Osiyo Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik sammiti oʻtkaziladi. Tramp, Si va Putin oʻsha yerda koʻrishishi mumkin.

Goʻyoki «Ukraina taqdiri hal qilinadigan» uchrashuvda Ukraina vakillari boʻlmasligi tabiiy. Xullas, 80 ga qarab ketgan uch siyosatchi barchasini eskichasiga, hech qanday diplomatiyasiz, ogʻzaki hal qilib olmoqchidek. Kreml bunday reja borligini tasdiqladi, Tramp qarshi emas, Pekin ham rozi ekan.

«Bu – kapitulyatsiyaga undash»

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSH prezidenti Tramp Kievni taslim boʻlishga undayotganini aytdi. «Menimcha, Ukrainani kapitulyatsiya boʻlishga undovchi qadamlar tashlandi. Amerikalik hamkorlarimiz urushni Ukrainaga bosim qilish orqali tezroq tugatish mumkin deb hisoblayotgani haqida oʻylashni xohlamayman, lekin barchasi shunga qarab ketyapti», dedi u Bloomberg nashriga bergan intervyusida.

Endi asosiy savol: aytaylik Xitoy, Rossiya va AQSH Ukrainadagi urushni tugatish boʻyicha kelishuvga erishdi, keyin nima boʻladi? Putin ham oʻsha yerda ekani inobatga olinsa, kelishuv toʻliq Rossiya foydasiga boʻladi. Putin nima istashi hammaga maʼlum: Ukraina Qrimni Rossiyaniki deb tan olishi, Donbassdan toʻliq ketishi, Zaporijjya va Xersonni ham topshirishi kerak, axir Rossiya ularni oʻz konstitutsiyasiga qoʻshib boʻlgan.