AQSH, Rossiya va Ukraina ishtirokidagi uch tomonlama muzokaralar noyabr oyida tiklanishi mumkin. Kremldagilarning tegishli bayonoti ortidan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham bunday muzokaralarga tayyorligini maʼlum qildi.
«Biz Rossiya bizning ishtirokimizdagi uch tomonlama uchrashuvni qoʻllab-quvvatlashi toʻgʻrisida fidbek oldik. Amerika tomoni buni imkon qadar tezroq amalga oshirishni taklif qilmoqda. Biz buni qoʻllab-quvvatlaymiz», – dedi u 21-oktabr kuni kechqurungi bayonotida.
Zelenskiy ehtimoliy uchrashuv sanasini aytmagan, ammo AQSH muzokaralarni yaqin vaqtlar ichida oʻtkazish uchun «imkon doirasidagi barcha ishni qilayotgani»ni taʼkidlagan. «Oʻylaymanki, noyabr oyi boshidan kechikmaydi», – deya qoʻshimcha qilgan u.
Zelenskiy muzokarachilarning asosiy vazifasi, urushi yakunlanishi va tinchlik boshlanishini yaqinlashtirishdan tashqari, yetakchilar uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish ekanini qayd etgan. Ukraina prezidenti Kiev muzokaralarda har qanday otashkesimni (toʻliq yoki qisman oʻt ochishni toʻxtatish) qoʻllab-quvvatlashini aytdi.
21-oktabr kuni kunduzi, Peterburgda AQSH prezidenti maxsus vakili Stiv Uitkoff va Vladimir Putin oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtganidan keyin, RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov noyabr oyida uch tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtishini anons qilgandi. U Rossiya «urushdan keyin Rossiya va Ukraina uchun xavafsizlik tizimini yaratish haqidagi asosiy mavzu boʻyicha» muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligini taʼkidladi. Prezident yordamchisi muzokaralar «noyabr oyining oʻninchisida», yaʼni AQSH Kongressi uchun oraliq saylovlar boʻlib oʻtganidan keyin start olishini aytgandi.
Ushakov Uitkoff Putinga taqdim etgan «yangilangan tinchlik rejasi»da «Ukraina inqirozini hal qilish nuqtayi nazaridan foydali narsalar unchalik koʻp emasligi»ni taʼkidladi. Shu bilan birga, urush qachon tugashi haqidagi savolga javoban esa «ish shunga qarab ketayotgani»ni aytdi.
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun muzokaralarga Abu-Dabi mezbonlik qilishi mumkinligini maʼlum qildi. Peskovdan Rossiya ushbu uchrashuvda imzolash uchun qandaydir hujjatlarni tayyorlaydimi, deya soʻralgan. U esa shunday javob bergan: «Siz ancha oldinga oʻtib ketyapsiz. Bunday qilish kerak emas».
Stiven Uitkoffning oʻzi Sankt-Peterburgdan Osloga uchib keldi, bu yerda ittifoqchilarni Putin bilan muloqoti mazmunidan xabardor qildi. Shundan keyin ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida uch tomonlama formatdagi ishlar «texnik darajada davom ettirilishi» haqida yozdi.
Donald Tramp Uitkoffning Oslo va Sankt-Peterburgga safari yakunlarini izohlarkan, hozirda urush tugashi «har qachongidan ham yaqinroq boʻlishi mumkinligi»ni aytdi. U shu kunlarda bu haqda Putin bilan gaplashganini taʼkidlagan.






















