Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga safari. Asosiy voqealar
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovindning taklifiga binoan 30 sentabr - 1 oktabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
Davlat rahbari dastlab Agra shahriga tashrif buyurdi. O‘zbekiston delegatsiyasi aeroportda tantanali kutib olingan. Prezident bu yerda rafiqasi bilan birga jahonga mashhur Toj mahal obidasini borib ko‘rdi.
Shundan so‘ng prezident Nyu-Dehlidagi “Palam” aeroportida Hindiston an'analariga xos tarzda kutib olindi. O‘zbekiston delegatsiyasi o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi.
1 oktabr kuni Hindistonda prezident Shavkat Mirziyoyevni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston madhiyasi yangradi. Shavkat Mirziyoyev va rafiqasini tantanali kutib olish marosimi Hindiston prezidentining saroyida bo‘lib o‘tdi. Mirziyoyev O‘zbekiston va Hindiston ommaviy axborot vositalari uchun qisqa bayonot ham berdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindistonni dunyodagi eng katta demokratiya deb atadi, u bilan o‘zbek xalqi tarixiy aloqalarga ega ekanligini ta'kidladi. «Men mehmondo‘st Hindiston zaminida bo‘lib turganimdan juda xursandman. Har bir o‘zbekistonlikning qalbida Hindiston alohida o‘ringa ega. Bizning xalqlarni tarixiy aloqalar, o‘xshash urf-odatlar, ma'naviy va madaniy dunyoning yaqinligi bog‘lab turadi. Biz uchun Hindiston - ezgulik va bag‘rikenglik nurini taratib turuvchi buyuk sivilizatsiya. Bu dunyodagi eng katta demokratiya», - dedi Mirziyoyev.
Hindiston bugungi kunda jadal rivojlanib, jahon iqtisodiyotidagi o‘rnini mustahkamlab borayotgan global davlat. Biz oliy darajadagi uchrashuvlarimiz natijasida faollashib borayotgan O‘zbekiston va Hindiston munosabatlarining bugungi sur'atini yuqori baholaymiz. Ishonchim komilki, ushbu tashrifim va samarali muzokaralarimiz strategik sherikligimizni yangi bosqichga olib chiqadi, dedi prezident.
Shundan so‘ng prezident Shavkat Mirziyoyev Nyu-Dehli shahridagi «Raj Gxat» yodgorligiga tashrif buyurdi. Prezident Hindiston xalqining milliy qahramoni Mahatma Gandi xotirasiga yoqilgan mangu olov yoniga gulchambar qo‘ydi. Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 oktabr kuni Nyu-Dehli shahrida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sushma Svarajni qabul qildi. Davlat rahbari Svaraj xonim bilan avvalgi uchrashuvni mamnuniyat bilan eslab, ulkan natijalar kutilayotgan ushbu oliy darajadagi tashrifda uning xizmatlari katta ekanini ta'kidladi.
So‘ng Shavkat Mirziyoyev Nyu-Dehlida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan tor doirada uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi munosabatlarni har tomonlama mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindistonning BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy a'zosi bo‘lishga intilishini qo‘llab-quvvatladi. "Hindiston bilan strategik hamkorlikni mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatidagi eng ustuvor jihatlardan biridir. Dunyoning eng yirik davlatlaridan biri bo‘lgan Hindiston global muammolarni hal qilishda faol ishtirok etadi. Shuni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Hindistonning BMT Xavfsizlik Kengashiga doimiy a'zo sifatida kirishini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlaydi", - dedi Mirziyoyev Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan muzokaralar yakuniga ko‘ra.
O‘zbekiston va Hindiston kosmik sohadagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirishmoqda. Hindiston bosh vaziri Narendra Modi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha shu haqida ma'lum qildi. "Biz sizlarning kosmik soha, inson resurslari va axborot texnologiyalarini rivojlantirishga doir takliflaringizni qabul qilamiz. O‘zbekistonga bizning bu yo‘nalishdagi tajribamizdan foydalanishini taklif qildik", - dedi Hindiston bosh vaziri.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi muzokaralarni keng doirada davom ettirishdi. Muzokarada savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar, yuqori texnologiyalar, tibbiyot, farmatsevtika, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikning yangi imkoniyatlari muhokama qilingan.
Nyu-Dehlida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida imzolangan hujjatlarni o‘zaro almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Respublikasi bosh vaziri Narendra Modining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi. Tashrif doirasida ilmiy-texnik hamkorlik, qishloq xo‘jaligi, turizm, harbiy ta'lim, adliya, sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani, farmatsevtika, kosmosni tinch maqsadlarda tadqiq etish va boshqa sohalarga doir 20ta hujjat imzolandi. Shuningdek, Andijon viloyati va Gujarot shtati, Samarqand shahri va Agra shaharlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Erkin farmatsevtika zonasini tashkil etish to‘g‘risida bitimlar imzolangan. Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazishga kelishib olingani qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-Dehli shahridagi o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Hindiston Respublikasi vitse-prezidenti, senat raisi Venkaya Nayduni qabul qildi. Uchrashuvda mamlakatlar aloqalarini rivojlantirishning turli jihatlari, o‘zaro hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash masalalariga e'tibor qaratildi.
Shundan keyin Shavkat Mirziyoyev Hindistonga davlat tashrifini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi. Davlat rahbari 2 oktabr tungi soat 1:00larda Nyu-Dehlidan Toshkentga keldi.
Mavzuga oid
20:33 / 07.11.2024
Hindistonda uch kun ichida 10 ta fil nobud bo‘ldi
01:52 / 07.11.2024
Kashmir Hindistonni maxsus avtonomiya maqomini tiklashga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi
11:56 / 06.11.2024
Inson matonati: 22 yil davomida tog‘ni yo‘nib yo‘l ochgan odam
17:51 / 05.11.2024