O‘zbekiston | 21:05 / 20.07.2021
23913
4 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro atom energiyasi agentligi O‘zbekistonni AES qurishga tayyor deb topdi

Xalqaro atom energiyasi agentligi komissiyasi o‘z tekshiruvlarini yakunladi. Komissiya O‘zbekiston o‘z tarixidagi birinchi atom elektr stansiyasini qurishga to‘liq tayyor degan xulosaga kelgan.

Foto: Wikipedia

Tekshiruv davomida Xalqaro atom energiyasi agentligi (IAEA) komissiyasi inspektorlari atom energetikasi dasturining infratuzilmasini rivojlantirish jarayonini har tomonlama baholashgan, loyiha hujjatlari tayyorligini ko‘zdan kechirishgan, obektni muhofaza qilish va yadro qurollari tarqalishining oldini olish bo‘yicha xavfsizlik choralarini ham tekshirishgan.

Shundan so‘ng tekshiruvchilar O‘zbekiston o‘z tarixidagi birinchi atom elektr stansiyasini qurishga to‘liq tayyor, degan xulosaga kelishgan. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

Komissiyaga ko‘ra, AES qurilishi yuzasidan barcha ishlar rejaga muvofiq ketmoqda, shuningdek, xavfsizlikning barcha talablariga va atom qurolini tarqatmaslik prinsiplariga amal qilingan holda olib borilmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonga 12 kunlik ish safari bilan kelgan Xalqaro atom energiyasi agentligi ekspertlari AES qurilishi borasidagi tavsiya va takliflarni hukumatga taqdim etishgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Rossiya atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlikni 2017 yil dekabrida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolanganidan keyin boshlagan edi.

Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 19 iyuldagi farmoni bilan, Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (O‘zatom agentligi) tashkil etildi.

2018 yilning 7 sentabr kuni o‘sha vaqtdagi Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Rossiya loyihasi bo‘yicha O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurishda hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni imzolashdi.

Loyiha SSER-1200 rusumdagi reaktorlarga ega ikkita energoblok qurilishini o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 13 oktyabrdagi 3969-son qarori asosida, imzolangan bitim kuchga kirdi.

2018 yili Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida ikki davlat prezidentlari O‘zbekistondagi ilk AES qurilishiga start berishgandi.

O‘zbekistondagi AESning birinchi energobloki 2028 yil oxiriga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Hozircha AES qayerda qurilishi aniqmas. Dastlab Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasidagi To‘dako‘l atrofidagi hududlar AES qurilishi uchun salohiyatli maydon sifatida ko‘rilayotgani ma'lum qilingan bo‘lsa, keyinchalik inshoot Jizzax viloyatida barpo etilishi xabar qilingandi.

AES barpo etilgach O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining umumiy quvvati 2,4 gigavattgacha yetishi mumkin.

Qurilishi 11 milliard dollarga baholangan ilk AESni barpo etish ishlari 2020 yilda boshlanishi aytilgan bo‘lsa-da, ayni paytda bu ish kechikmoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, tomonlar shartnoma shartlarini kelishishda til topisha olmayapti.

2020 yilning dekabrida Rossiyaning Toshkentdagi elchisi Vladimir Tyurdenev AES qurilishi bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi shartnoma «deyarli tayyor holatga keltirilgan», faqat texnik jihatlari qolganini aytgan, biroq «O‘zAtom» rus elchisining AES haqidagi gaplarini rad etib, hali kelishuvga erishilmagani, «shartnomani muhokama qilishda O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini inobatga olgan holda muzokara pozitsiyalari ishlab chiqilgani va himoya qilib kelinayotganini» ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid