O‘zbekiston | 08:40
5181
19 daqiqa o‘qiladi

Qarz laqabli pora, IIBdagi “plan” va Sindorovning rekordi - hafta dayjesti

Andijon hokimining yana bir o‘rinbosari qo‘lga tushdi: uning gaplari “tajribali” ekanidan darakmi? Jizzaxda yasama jinoyatlar seriyasi: sudyalar nega tergovchilardan shubhada? P2P o‘tkazmalar yana kun tartibida: jamoatchilik xavotirlari inobatga olinadimi? Ortda qolayotgan haftaning ayrim muhim mavzulari – Kun.uz dayjestida.

“Bu qarz deyiladi, bilasiz-a?”

Hafta – hokimliklarda korrupsiya avj olgani haqidagi muhokamalar bilan boshlandi: dushanba kuni Andijon viloyati hokimining yana bir o‘rinbosari qo‘lga tushgani ma’lum bo‘ldi. Hokimning turizm va madaniyat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Isomiddin Ismanov 4 aprel kuni 50 ming dollar pulni o‘z uyida olgan paytida ushlangan. DXX e’lon qilgan kadrlarda u soqqani sanab bo‘lgach, bu borada tajribasi katta odamdek xotirjam luqma tashlab, oldi-berdini “qarz” deb ataganini ko‘rish mumkin:

Tadbirkor: 50 ming o‘tdi-a, aka?

Hokim o‘rinbosari: Bu qarz deyiladi, bilasiz-a? Shunaqa narsasi bor.

Tadbirkor: Men sizga berdim, aka.

Hokim o‘rinbosari: Yo‘q, shunaqa deyiladi.

Tadbirkor: Hujjatini “chotki” qilib, mening nomimga chiqartirib bersangiz bo‘ldi.

Videodan ko‘rinishicha, amaldor 5 dasta dollarni olgach, uni uyining yotoqxonasidagi kiyim shkafiga qo‘ygan. Ko‘p o‘tmay, jinoyat fosh etilganidan keyingi dastlabki protsessual harakatlar ham shu xonada bo‘lib o‘tgan. Isomiddin Ismanov bu pullarni Bobur shaharchasidagi 20 sotix yerni tadbirkor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga talab qilib olgani aytilyapti.

E’tiborlisi, Ismanov hokimlikda ish boshlaganiga endigina 4 oy bo‘lgandi. U bundan avval ichki ishlar tizimida ishlagan, 2022–2025 yillarda Andijon viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i bo‘lgan. 2021 yilda “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan.

Bu – oxirgi yillarda Andijon rahbariyatida ro‘y bergan korrupsion jinoyatlarning birinchisi emas. 2024 yil kuzida viloyat hokimining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Botirjon Hamroyev o‘ttizga yaqin figurantni o‘z ichiga olgan korrupsion sxema doirasida davlat mulkini talon-toroj qilish aybi bilan 7 yilga qamalgan edi. Amalda esa, 2026 yil yanvaridayoq zararni qoplagani vaji bilan jazo o‘zgartirilgan va u ozodlikka chiqqan.

So‘nggi kunlarda yana bir hokim o‘rinbosari ustidan sud hukmi o‘qildi. Sirdaryo viloyati Xovos tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Umidjon Xoliqov tovlamachilik va firibgarlik jinoyatlarida ayblanib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Sud hujjatlariga ko‘ra, u lavozimga o‘tirganidan keyin atigi 2 oy o‘tib 10 ming dollar olgan; oradan 3 oy o‘tib yana 10 ming dollar olayotgan paytda qo‘lga tushgan.

“200 ta protokolimiz qoldi, chiq hammang ko‘chaga!”

Ichki ishlar tizimida rasmiylar “hech qanaqa plan yo‘q” deb takror-takror ishontirishga uringani bilan, bu bayonotlarni shubha ostiga qo‘yadigan holatlar hamon ro‘y bermoqda. Kun.uz'ga Toshkent shahri Olmazor tumani ichki ishlar bo‘limi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i Abror Xudoyberdiyevning Telegram'dagi audio va videolari kelib tushdi. U qo‘l ostidagi profilaktika inspektorlariga murojaat qilib, ularga ko‘chadan daydi topishni va ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishni buyurgan:

“Protokollar hamma narsada nol bo‘lib yotibdi: majburiy davolashga joylashtirishing nol, daydi nol, ma’muriy bayonnoma nol, ma’muriy nazorat nol!

Nima, o‘zlaringdan ketib qolganmisanlar, vijdonsiz! Qani bittang daydi qilma-chi! O‘zingni daydi qilib olib borib yop, qarindoshingni olib borib yop daydi qilib! O‘zing daydi bo‘lasan!”

Xudoyberdiyev keyinroq Telegram-guruhga video ham yuborib, hisob-kitob oni yaqinlashayotganini aytib hammani shoshirgan:

“1 soat vaqtimiz qoldi. 22:00 da hisob-kitob bo‘ladi. Men borishni xohlamayman! “Davay”, hozir “gazlaymiz”, 300 taga chiqdi, 200 ta protokolimiz qoldi, chiq hammang ko‘chaga!”

Toshkent shahar IIBB dushanba kungi izohida xodimlar zimmasida “plan” degan majburiyat aslo yo‘qligini ta’kidladi. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov esa shanba kungi matbuot anjumanida Abror Xudoyberdiyev lavozimidan olinganini ma’lum qildi.

Haqiqiy jinoyatchilar chetda qolib...

Hafta davomida Kun.uz e’lon qilgan boshqa bir surishtiruv ham ichki ishlar tizimida kechayotgan ko‘zdan panadagi voqeliklarni ochib beradi. Ma’lum bo‘lishicha, Jizzax viloyatida bir tomondan ichki ishlar va prokuratura, ikkinchi tomondan fuqaro manfaatini himoya qilgan odil sudlar o‘rtasida noodatiy qarama-qarshilik yuzaga kelgan.

Tasavvur qiling, kattagina tomorqaga ega hovlingiz bor, ixtiyoringizdagi yer maydoni jami 21 sotix. Lekin ana shu 21 sotixning yerning faqat 6 sotixiga nisbatan rasman meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqingiz bor. Kunlardan bir kun turmush o‘rtog‘ingizni davolatish uchun hovlini tomorqasiga qo‘shib sotishga qaror qildingiz va bu haqda Olx'ga e’lon berdingiz. Xaridor sifatida telefon qilganlardan biri bilan kelishuvga erishasiz va ne ajabki, undan pulni olgan vaqtingizda, ichki ishlar xodimlari paydo bo‘lib, qo‘lingizga kishan taqadi. Hech narsani tushunmay turgan paytingizda, haligi qo‘shtirnoq ichidagi “xaridor”: “Hujjati yo‘q yerni tanishlari orqali rasmiylashtirib berishini aytdi” deya yolg‘on ko‘rsatma beradi. Uning ko‘rsatmasiga asosan avvaliga ichki ishlar, keyin prokuratura sizga qarshi “o‘ziga tegishli bo‘lmagan yerni sotishga urindi” degan ayblov e’lon qiladi.

Xuddi shunday holat Jizzax viloyati Baxmal tumanida ro‘y bergan. Xayriyatki, uy egasining baxtiga, jinoyat ishining yasama ekani odil sudda fosh bo‘lgan. Avvalo, ayblov tomoni o‘zi tiqishtirayotgan tuhmatlarga dalil keltirolmagan. Ikkinchidan, haligi qo‘shtirnoq ichidagi soxta “xaridor” avval ham kamida uchta holatda bo‘sh turgan yerini sotayotgan odamlarni xuddi shu ssenariy asosida javobgar qildirgani ma’lum bo‘ladi. Boz ustiga, u har safar IIBga ariza berganida, uning ishi bilan aynan bitta tezkor xodim shug‘ullangan.

Shu va boshqa asoslardan kelib chiqib, Yangiobod tuman sudi uy egasini aybsiz deb topgan. Soxta xaridor rolini o‘ynab bergan Bunyod Mahkamov ismli shaxs va IIBning katta tezkor vakili B.Boltayev o‘rtasidagi shubhali hamkorlik esa, shundoqligicha qolib ketaverishi mumkin emasdi: shundan kelib chiqib, sud prokuraturaga bu haqda xabar bergan. Lekin buni qarangki, prokuratura bu jinoyat ishi yasama ekanini tan olmasdan, sud qaroriga protest kiritgan. Bu o‘rinda viloyat sudi prokuratura protestini rad etib, yanada qat’iyroq pozitsiyani egallagani olqishga sazovor. Xususan, apellyatsiya instansiyasi o‘z ajrimida aniq-tiniq qilib shunday yozgan: “Haqiqiy jinoyatchilar chetda qolib, qo‘shtirnoq ichidagi xaridorlar to‘riga tushayotgan sodda insonlar jinoiy javobgarlikka tortilmoqda”.

Jizzaxdagi yasama jinoyat mualliflari javobgarlikka tortilganmi-yo‘qmi, bunisi hali ma’lum emas. Lekin kuni kecha haqiqiy jinoyatchilar chetda qolib, bir juvonni badnom qilishga bel bog‘lagan Farg‘onadagi xodimlar nomi yana mediamakonda ko‘rinish berdi. Gap – Furqat tumani IIBning sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari Jasur Rasulov haqida ketyapti. Ular maktab direktori Gulira’no Qosimovaga nisbatan sodir etgan jinoyat Andijon viloyat sudi kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi. Eslatib o‘tamiz, Xo‘jayev va Rasulov turar joy daxlsizligini buzish, shaxsiy hayotga oid ma’lumotlarni oshkor qilish, mansab vakolatidan chetga chiqish, tezkor-qidiruv materiallarini soxtalashtirish va qonunga xilof tarzda ushlab turish kabi jinoyatlar uchun 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Tizim o‘zgarishi aytildi

Ichki ishlar vazirligining Jamoat xavfsizligi departamenti “jazolovchi tizim” bo‘lib qolishi kerak emas. Chorshanba kuni prezident huzuridagi yig‘ilishda ayni shunga urg‘u berildi. Yig‘ilishda vazir Aziz Toshpo‘latov xodimlarning samaradorlik ko‘rsatkichlarini “jazolovchi tizimdan – aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tizimga” tamoyili asosida o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.

Vazirning aytishicha, mahallalardagi profilaktika inspektorlariga buyruq beradiganlar ko‘payib ketgan, oqibatda mahalla xavfsizligi va jinoyatlar profilaktikasiga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti. Shu sababli profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos qilish ko‘zda tutilyapti. Shuningdek, har kunlik yo‘riqnomalarni onlayn shaklda o‘tkazish, “Mening inspektorim” platformasi orqali xodimlar faoliyatini raqamlashtirish, sud-tibbiy ekspertiza xulosasini elektron shaklda olish, malaka oshirish darslarini onlayn formatda yo‘lga qo‘yish kabi takliflar ilgari surildi.

Profilaktika inspektorlari ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatini olishi kutilyapti. 6 ta kam ahamiyatli qilmish uchun darrov jarimaga tortmasdan, ma’muriy ogohlantirish tartibi joriy etiladi. Shu va boshqa choralar xodimlarning yugur-yugurini kamaytirib, eng asosiy vazifasi – huquqbuzarliklar profilaktikasini yaxshiroq uddalashiga imkon berishi kutilyapti.

Soliq qo‘mitasi P2P nazoratiga ruxsat oldimi?

Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov prezident huzuridagi taqdimotda. / Foto: Prezident matbuot xizmati

Jismoniy shaxslar o‘rtasida kartadan kartaga pul o‘tkazmalarini monitoring qilish masalasi hamon kun tartibida turibdi. Bu borada avvalgi yillarda kuzatilgan har turli urinishlar samara bermagani: avvaliga Senat, keyin yangilangan Konstitutsiya va jamoatchilik qarshiligi bilan bu masala kun tartibidan olib tashlangani – hamon ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Bu safar aynan qanaqa nazorat mexanizmi taklif etilayotgani hozircha ma’lum emas – 6 aprel kuni davlat rahbari huzuridagi yig‘ilishdan tarqatilgan press-relizda bu masalaga to‘la aniqlik kiritilmagan.

Xabarda aytilishicha, yig‘ilishda soliq tushumlarini oshirish uchun yashirin iqtisodiyotni qisqartirish kerakligi ta’kidlangan. Raqamli tahlil va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanib, “aqlli” nazorat o‘rnatish hisobiga bu yil budjetga qo‘shimcha 30 trillion so‘m tushumni ta’minlash zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan. Buning uchun P2P-operatsiyalar monitoringi, tovarlarni markirovkalash, raqamli nazoratni kuchaytirish, yuklar hujjatsiz tashilayotganini avtomatik aniqlash va norasmiy bandlikni rasmiylashtirish kabi choralar ko‘zda tutilyapti.

Davletovuz kanali muallifi yig‘ilishda Soliq qo‘mitasi ilgari surgan takliflarga ehtiyotkorlik bilan yondashishga chaqirdi. Blogerning qayd etishicha, garchi taqdimotda soliq ma’murchiligini raqamlashtirish kerakligi alohida ta’kidlangan bo‘lsa ham, muayyan tarmoqlarda QQS nazoratini quyi bo‘g‘inlarga tushirish, tovarlarni markirovkalash va tranzaksiyalar monitoringi kabi choralar – inson omilini kuchaytiradi, quyi bo‘g‘inda soliqchilarning kichik biznesga bosim o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytiradi, korrupsiyaviy munosabatlarni yanada ko‘paytiradi.

“Bu sa’y-harakatlar teskari effekt yaratishi ham mumkin: budjetga qo‘shimcha 30 trln tushiramiz deb, iqtisodiy o‘sishga, tadbirkorlik muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatib qo‘ymaslik lozim”, – dedi jamoatchilik faoli.

22 apreldan “Telekom antifrod” ishga tushadi

Bank mijozlarini kutayotgan yangiliklardan yana biri – bank xizmatlaridan masofaviy foydalanishga oid. Tez orada banklar yoki to‘lov tashkilotlarining ilovalarida yangi ro‘yxatdan o‘tadigan foydalanuvchilar agar telefon raqami begona odamning nomida bo‘lsa, muammoga duch keladi.

22 apreldan boshlab kuchga kiradigan yangi antifrod qoidalariga ko‘ra, ilova foydalanuvchisining telefon raqami va bank kartasi aynan bitta shaxsga tegishli bo‘lishi kerak. Bu qoida avvalroq e’lon qilingan, shundan beri ko‘pchilik “22 aprelgacha telefon raqamimni o‘zimning nomimga o‘tkazib olishim kerak” deb o‘ylayotgan edi. Markaziy bank kuni kecha bayonot bilan chiqib, bu yangi talab allaqachon ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarga taalluqli bo‘lmasligini ma’lum qildi. Ya’ni telefon raqami begona odamning nomiga olingan shaxslar ham, 22 aprelgacha ro‘yxatdan o‘tib qo‘ygan ilovalaridan foydalanishda davom etaveradi. Lekin agar birorta yangi fintex ilovasi sinab ko‘rishga qaror qilsangiz, unda bu masala yana ko‘ndalang turadi.

Faqat bir foydali istisno bor: telefon raqam foydalanuvchining yaqin qarindoshi, masalan ota-onasi, opa-singlisi yoki farzandining nomida bo‘lsa, u holda yangi tartib muammo keltirib chiqarmaydi. Buning uchun MyGov'da “Mening oilam” bo‘limini hozirdan tekshirib qo‘yish foydadan xoli emas. Agar biror yaqin qarindoshingiz ro‘yxatda bo‘lmasa, ma’lumotlarni to‘g‘rilash uchun shu bo‘limning o‘zida ariza yuborib qo‘yish mumkin.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Foto: FIDE / Niki Riga

Javohir Sindorov Nomzodlar turnirida sensatsion rekord o‘rnatdi. 20 yoshli shaxmatchimiz 11-turdan keyin biror marta ham mag‘lubiyatga uchramasdan, 6 ta g‘alaba va 5 ta durang bilan mutlaq peshqadamlik qilyapti. E’tiborlisi, hozirgacha Nomzodlar turnirida hech kim 6 marta g‘alaba qozona olmagan. So‘nggi uchta tur oldidan u 2-o‘rindagi Anish Giri bilan oradagi 2 ochkolik farqni saqlab qolyapti. Oldinda Javohirni Hikaru Nakamura, Anish Giri va Vey I bilan bahslar kutyapti. Ma’lumot uchun, Nomzodlar turniri jahonning 8 nafar eng kuchli grossmeysterlarini o‘zida jamlagan bo‘lib, ular o‘zaro ikkitadan partiyada dona suradi. G‘olib 70 ming yevro mukofotni qo‘lga kiritadi va shaxmat toji uchun amaldagi chempion Gukesh Dommarajuga qarshi o‘ynash huquqini qo‘lga kiritadi.

Toshkent shahri va uning atrofidagi issiqxonalar Surxondaryoga ko‘chiriladi. Maqsad – kuzdan bahorgacha dolzarb muammoga aylanadigan havo sifatini yaxshilash. Hukumat qarori bilan, tadbirkorlarga ko‘chish xarajatlari qoplab beriladigan, kreditlari esa uzaytiriladigan bo‘ldi. Ixtiyoriy tarzda ko‘chishga rozi bo‘lmaganlarni “jazo” kutadi: 1 avgustdan boshlab ular gazdan uziladi, ko‘mir, mazut yoki boshqa narsalarni yoqqan taqdirda jarima 20 barobarga, suv solig‘i 5 barobarga oshiriladi. Tabiiy iqlim va iqtisodiy shart-sharoitlar tufayli issiqxona mahsulotlarini Surxondaryoda yetishtirish Toshkentdan ko‘ra ancha arzonga tushishi aytilyapti. Buning uchun Sherobod tumanida “Surxon-Agro” nomli alohida erkin iqtisodiy zona tashkil etilmoqda.

Milliy investitsiya jamg‘armasi IPO o‘tkazishini e’lon qildi. Jamg‘arma portfeli 2,4 mlrd dollarga baholanmoqda. Bir necha bor o‘zgarishlarga uchragan portfelning hozirgi tarkibi – davlatga qarashli 13 ta yirik korxonaning 25-40 foizgacha ulushlaridan iborat. IPO Toshkent va London fond birjalarida bo‘lib o‘tadi. Aniq sanalar va narx parametrlari keyinroq e’lon qilinadi. Aksiyador bo‘lishni istovchi jismoniy shaxslar oldindan brokerlik hisobvarag‘ini ochib qo‘yishi tavsiya etiladi, chunki birlamchi taklif doirasidagi obuna cheklangan vaqt davomida ochiq bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda tashkil etilgan Milliy investitsiya jamg‘armasi o‘tgan yili dunyoga mashhur Franklin Templeton kompaniyasi boshqaruviga berilgan.

Urganch tumani sudining antiqa qarori – muhokama markazida. Sud aksiya doirasida 7 ming so‘mdan palov sotgan oshxona egasini huquqbuzar deb hisoblayapti. Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, Urganch tumanidagi oshxonalardan birining egasi Shohruhxon Qodirov 2 va 4 fevral kunlari Xorazm suzma palovini 7 ming so‘mdan sotishi haqida ijtimoiy tarmoqqa e’lon bergan. Tadbirkorning aytishicha, aksiya tinch o‘tgan, biror janjal yoki tartibsizlik yuz bermagan. Shunga qaramay, sud uni “ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzgan” deb topib, 2 mln so‘m jarimaga tortgan. Xo‘sh, tadbirkor qaysi huquqiy asosga ko‘ra, qaysi tashkilotdan ruxsat olishi kerak edi? Sud qarorida bu savolga javob keltirilmagan.

Surxondaryodagi yana bir propan shoxobchasida portlash ro‘y berdi. 7 aprel kuni ertalab Denov tumani Oqtom mahallasidagi shoxobchada “KAMAZ” rusumli propan tashuvchi maxsus avtosobildan sig‘imga gaz quyish vaqtida portlash sodir bo‘lgan. Rasmiy xabarga ko‘ra, hodisa oqibatida 2 kishi yengil kuyish jarohatini olgan. Toshkentda esa o‘tgan yakshanba kuni “Beshqo‘rg‘on” bozoridagi katta yong‘indan keyin, bozorlarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan kuchaytirilgan reydlar o‘tkazilmoqda. Reydlar doirasida ko‘plab bozorlarda kamchiliklar aniqlanib, ulardagi ayrim bloklar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Muallif – Komron Chegaboyev
Boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid