O‘zbekiston | 23:13 / 11.07.2026
1792
17 daqiqa o‘qiladi

Alifbo haqidagi bahslar va Lukashenkoning o‘zbeklarga taklifi - hafta dayjesti

Alifbodagi to‘rtta harfni almashtirishga qaror qilindi: tarmoqlar qizg‘in bahslarga to‘lmoqda. Soliqdan keshbek qaytarish to‘xtatilishi mumkin: vazirlik bu mexanizmni lotereyaga almashtirmoqchi. O‘zbekiston va Belarus – endi strategik sheriklar; Lukashenko o‘zbeklarni yashash va ishlash uchun Belarusga kelishga chaqirdi. Toshkentda svet o‘chishlarini to‘xtatish uchun komissiya tuzildi: avariyalar sabablariga aniqlik kiritilishi aytilyapti.

Ortda qolgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid muhim voqealari – Kun.uz dayjestida.

Alifbo islohoti haqida qonun qabul qilindi

O‘zbek-lotin alifbosidagi O‘, G‘, Sh, Ch harflari diakritik belgiga ega yakkaharflar: Ö ö, Ğ ğ, Ş ş, Ç ç bilan almashtirilishi mumkin. 7 iyul kuni deputatlar kutilmaganda tegishli qonunni qabul qildi. “Kutilmaganda” deyishimizga sabab, alifbo masalasi ochiq, rasmiy va ommaviy muhokama maydoniga oxirgi marta 2023 yilda ko‘tarilgan, shundan beri biror siljish bo‘lgani haqida yangilik yo‘q edi. Ya’ni, qonun loyihasi parlamentga kiritilgani va deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilayotgani faktidan ham keng jamoatchilik shunchaki bexabar qoldi.

Yalpi majlisda qonun loyihasi bo‘yicha so‘zga chiqqan Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov o‘zgarish zaruratini izohlarkan, amaldagi O‘ va G‘ harflarini to‘g‘ri yozish uchun kompyuterda bir nechta amalni bajarishga to‘g‘ri kelishi, amaliyotda bu harflarning o‘ndan ortiq shakllari qo‘llanayotgani, natijada yagona standart shakllanmayotganini aytdi.

“Mazkur belgilar xalqaro UNICODE standartida mustaqil harf sifatida mavjud emasligi sababli, axborot texnologiyalari, elektron qidiruv tizimlari, avtomatik tarjima, elektron lug‘atlar hamda o‘zbek tilini raqamlashtirish jarayonida jiddiy texnik muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Shuningdek, Ch va Sh qo‘shharflari o‘zbek tilida juda faol qo‘llaniladi. “Shoshilinch”, “xushchaqchaq”, “achchiqtosh” kabi so‘zlarda ularning ketma-ket kelishi yozish va o‘qishda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Bu holat imlo qoidalarida ayrim chalkashliklarni keltirib chiqarmoqda. Masalan, “Is’hoq”, “As’hobiddin” kabi so‘zlar amalda ko‘p hollarda “Ishoq”, “Ashobiddin” tarzida noto‘g‘ri yozilmoqda. “Mo‘tabar”, “mo‘tadil”, “mo‘jaz”, “mo‘jiza” kabi so‘zlarda o yonidagi o‘ harfi tutuq belgisi bilan yonma-yon kelmasligi uchun istisno qoidalarini belgilashga to‘g‘ri kelgan”, – dedi Abduhalimov.

Tashabbuskorlarga ko‘ra, to‘rtta harfning yangi tanlangan shakllari o‘zbek tilining raqamlashish yo‘lidagi texnik to‘siqni olib tashlaydi. Taklif etilayotgan Ö ö, Ğ ğ, Ş ş, Ç ç harflaridan turk, ozar, turkman, gagauz, qrim-tatar, nemis, shved, fin, venger xalqlari – dunyo bo‘ylab jami 300 millionga yaqin aholi foydalanadi, shu sabab bu harflarni aksariyat ommabop shriftlar qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, ularni bemalol domen nomlarida ham qo‘llash mumkin, masalan özbegim.uz, farğona.com, çirçiq.info va hokazo.

O‘zgarishlar kuchga kirishi uchun, endi qonunni Senat ma’qullashi, keyin prezident imzolashi kerak bo‘ladi. Qonun yakuniy tarzda qabul qilinganidan keyin uni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha hukumat qarori asosida alohida chora-tadbirlar belgilanadi. Hujjatlar, banknotlar, logotiplar, peshlavhalar, ko‘rsatkichlar va boshqa atributlarni darhol yangilash talab etilmaydi, ya’ni muayyan o‘tish davrini joriy etish orqali yuzaga keladigan xarajatlarni imkon qadar kamaytirishga harakat qilinadi.

Munozaralar va loqayd taqdimot

Alifbo o‘zgarishi, tabiiyki, xalq orasida qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqardi. Bu jarayonda faol fikr bildirayotgan vatandoshlarni shartli ravishda uch guruhga bo‘lish mumkin.

Birinchi guruh – qonunni yoqlovchilar. Ular “uzoq yil kutilgan islohot nihoyat amalga oshayotgani”ni aytyapti va endi rasmiylar oxirigacha siyosiy iroda ko‘rsatishidan umid qilyapti. Bu toifa vakillarining fikricha, lotin alifbosiga – bo‘lganda ham texnik qusurlardan xoli va umumturkiy ruh singdirilgan alifboga to‘liq o‘tish – O‘zbekistonning izoq istiqboli uchun strategik va tarixiy to‘g‘ri qaror bo‘ladi. Shu bois ular jamoatchilikni bir yoqadan bosh chiqarib, tashabbusni qo‘llash va nihoyat kirill alifbosidan uzil-kesil voz kechishga chaqiryapti.

O‘zgarishni qo‘llab-quvvatlayotgan vatandoshlarning nuqtayi nazarini quyidagicha ifodalash mumkin: “Ha, bu og‘riqli; ha, muammolar bo‘ladi; lekin biz bunga zaruriy ukol deb qarashimiz kerak. Amaldagi alifbomizning qusurlari ko‘p, yangi harflarga esa tez orada ko‘zimiz o‘rganib ketadi”, demoqda ular.

Qarshi tomonga kelsak, birinchi aytishimiz kerak bo‘lgan narsa – ularning son jihatdan ko‘proqligi. Garchi sotsiologik so‘rovlar o‘tkazilmagan bo‘lsa-da, alifbodagi o‘zgarishga qarshi bo‘layotganlar ulushi kattaligini e’tirof etish adolatdan bo‘lardi. Ular keltirayotgan argumentlar sirasida eng ko‘p uchrayotganlari quyidagilar: “hamma o‘rgangan alifboni o‘zgartirishga obektiv zarurat yo‘q”, “inson texnikaga emas, texnika insonga moslashishi kerak”, “endi uchta alifbo paydo bo‘ladi, savodsizlik karrasiga oshadi”, “shuncha ortiqcha xarajat – ham budjetga, ham odamlar cho‘ntagiga yuk”, “ismi-sharifimning yangicha yozilishi menga yoqmadi”.

Endi, uchinchi toifa ham borki, ular alifbo islohoti zaruratini inkor etmaydi, lekin qabul qilinayotgan versiyaga nisbatan e’tirozlari bor. Masalan, ular Ö va Ğ harflarining diakritik belgilarini birxillashtirish; faqat shu ikkita harfni o‘zgartirib, Sh va Ch ga tegmaslik; O‘ va G‘ dagi apostroflar kabi so‘zni texnik tomonlama “bo‘lib tashlaydigan” tutuq belgisidan voz kechish; kerak bo‘lsa qattiq X ni ham alifbodan chiqarib yuborib, faqat yumshoq H ni qo‘llash kabi takliflarni o‘rtaga tashlashyapti.

Xullas, alifbo – o‘ta ko‘p qirrali masala. Biz u yoki bu tomonning pozitsiyasini qo‘llamagan holda, mavzuning yana bir muhim jihatiga e’tibor qaratishni lozim topdik. Tortishuvlardan chetroqqa chiqsak, hukumat bu tashabbus asnosida aholi bilan kommunikatsiya borasida yana oqsaganiga guvoh bo‘ldik. Alifbodek umummilliy ahamiyatga molik masala haqida gap ketayotgan bo‘lsa ham, o‘zgarish zaruratini asoslash uchun keng ko‘lamli tushuntirish ishlari olib borilmadi. Hatto birorta matbuot anjumani ham bo‘lgani yo‘q. Alifbo masalasida oxirgi ochiq muhokamalar 2021 va 2023 yillarda bo‘lganini inobatga olsak, u paytda aytilgan gaplar aksar aholining allaqachon yodidan chiqib ketgani tabiiy, shu sabab yangi, yanada kattaroq masshtab va yuqoriroq sifatdagi ommaviy tushuntirish kampaniyasiga zarurat bor edi.

Batafsil tushuntirish yo‘qligi uchun ham: “Alifbomiz tuppa-tuzuk shekilli, o‘zi nima muammo?” degan oddiy savolga juda ko‘p odamlar, ayniqsa yoshlar qoniqarli javob ololmayapti. Natijada, ehtimoliy boshqa ssenariydagidan ko‘ra ko‘proq e’tirozlarni ko‘rib turibmiz. E’tiroz bildirayotganlar orasida ziyolilar ham bor. Agar aynan ziyoli qatlam uchun alifbodagi muammolar chuqur tahlil qilingan, “alifboni o‘zgartirish shartmi?” degan savolga batafsil javob beradigan, mavjud barcha yechim variantlarining afzalliklari va kamchiliklarini ochib beradigan, kerak bo‘lsa 100 sahifadan oshadigan hajmdagi ilmiy-amaliy tadqiqot e’lon qilinganida edi, ijtimoiy konsensusga erishish osonroq bo‘lishi mumkin edi.

Lekin amalda biz nimani ko‘rdik? Loyiha muallifi bo‘lmish Davlat tilini rivojlantirish departamenti va til-adabiyot institutlari nega aynan shunday xulosaga kelingani, muqobil yechimlardan qaysi asoslarga ko‘ra voz kechilgani haqida batafsil ochiq hisobot e’lon qilishmadi. Natijada, chuqurroq tahlilni xohlagan odamlarda yakuniy versiya haqida shunchaki sub’yektiv ravishda “yoqdi” yoki “yoqmadi” deyishdan boshqa iloj qolmagandek, nazarimizda.

Keshbek – bekormi?

Oxirgi 5,5 yildan beri ko‘pchilikning kichik odatiga aylanib ulgurgan soliq keshbekining umri tugaganga o‘xshayapti. Ma’lum bo‘lishicha, hukumatda bu tartibni bekor qilish masalasi ko‘rib chiqilyapti. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish institutining fikricha, xarid chekidagi QR-kodni Soliq ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazgan shaxslarga 1 foiz keshbek qaytarish amaliyoti o‘z vazifasini bajarib bo‘lgan – odamlarda chek talab qilish madaniyati, sotuvchilarda esa xaridlar uchun albatta chek chiqarish ko‘nikmasi shakllangan. Lekin endi, bu mexanizmning samarasi yildan yilga pasayib borayotgani aytilyapti.

Rasmiylarga ko‘ra, keshbek xarajatlari joriy yilda 1,8 trillion so‘mga yetishi mumkin. Bu mablag‘ – yil davomida bog‘chalar qurish uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘dan ikki karra ko‘p. Boz ustiga, aylanmadan olinadigan soliq tushumlari mutanosib ravishda o‘smayapti, ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan cheklarning salmoqli qismi shundog‘am rasmiy sektorda ishlayotgan korxonalarga taalluqli bo‘lib qolyapti. Masalan, may oyida top-10 ta savdo brendidan olingan cheklar bo‘yicha aholiga qariyb 16 mlrd so‘m keshbek to‘langan.

Xullas, vazirlik huzuridagi institutning aytishicha, 2022 yil 1 yanvardan beri amal qilib kelayotgan keshbek tartibini baribir qachondir to‘xtatish kerak, chunki xarajatlar yildan yilga oshib boraveradi. Tashabbuskorlar keshbek o‘rniga davlat lotereyasini joriy qilishni taklif etyapti. Bunda odamlar faqatgina soliq xavfi yuqori bo‘lgan sohalar: kafe-restoranlar, kichik do‘konlar va boshqalar bergan cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazadi va lotereyada qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Bunday lotereya uchun yiliga 100 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratilishi mumkin.

Darvoqe, 1 foizlik universal keshbekni to‘xtatish bilan birga, ijtimoiy reyestrga kiritilgan shaxslar uchun ayrim oziq-ovqat mahsulotlari xarididagi 12 foizlik QQSni qaytarib berish davom etishi va’da qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qabul qilingan prezident qarori bilan, kuniga o‘n ming qadam piyoda yurgan vatandoshlarni moddiy rag‘batlantirish tartibini joriy yil 1 maydan e’tiboran boshqacharoq shaklda tiklash vazifasi qo‘yilgan edi. Bu vazifa ijrosi mana ikki oydirki, kechikyapti.

Eski mashinani yangilashga rag‘bat

Ishlab chiqarilganiga 30 yildan oshgan avtomobillar egalaridan har yili ekologik kompenatsiya undirish g‘oyasidan voz kechildi. Chiqindilarni boshqarish agentligining ma’lum qilishicha, bu loyihaning jamoatchilik muhokamasi davomida aholidan kelib tushgan ko‘plab e’tirozlar inobatga olingan va endi boshqacharoq mexanizm ko‘rib chiqilyapti.

Bu mexanizmga ko‘ra, eski mashinalar egalaridan bozor narxida sotib olinadi va mashina egasiga ikki xil tanlov imkoniyati beriladi: u yo mashinasining pulini naqd shaklda olishi, yoki yangi mashina uchun boshlang‘ich to‘lov o‘rniga o‘tadigan vaucherni tanlashi mumkin. Ikkinchi variant ancha jozibador ko‘rsatilyapti: bunda yangi mashina narxidan vaucher qiymati chegirib tashlanib, qolgan summani 7 yilgacha muddatga mutlaqo foizsiz, bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilishi mumkin.

Misol uchun, 5 mln so‘mlik “Moskvich” egasi 165 mln so‘mlik yangi Cobalt'ning boshlang‘ich to‘lovdan qolgan 160 mln so‘mini 7 yil davomida oyiga 1,9 mln so‘mdan, ya’ni foizsiz to‘lab borishi mumkin.

Albatta, bu hali loyiha. Respublika bo‘ylab ming-minglab eski mashinalar borligini inobatga olsak, masalaning moliyaviy jihatlari savol ostida qoladi. Qolaversa, ekologiyani o‘ylagan holda avtoparkni yangilash haqida gap ketayotgan ekan, elektromobillar importi uchun utilizatsiya yig‘imi va bojlarni bekor qilish masalasi ham ko‘rib chiqilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.

“O‘zbeklarni oilasi bilan Belarusga taklif qilamiz”

O‘zbekiston o‘ziga yaqin hamkor davlatlar bilan aloqalarni institutsional tarzda yangi bosqichda olib chiqishda davom etmoqda. O‘tgan hafta Gruziya bilan strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilgan bo‘lsa, joriy hafta Belarus bilan ham o‘zaro munosabatlar strategik sheriklik darajasiga olib chiqildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Minskka tashrifi davomida ikki o‘rtada 15 dan ortiq kelishuv imzolandi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning aytishicha, kelishuvlar orasida o‘zbekistonliklarning Belarusda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirishini tashkil etish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim alohida ahamiyatga ega.

“Biz o‘zbeklarning oilasi bilan Belarusga kelib, shu yerda yashashini istaymiz. Zarur bo‘lsa, ularga sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida ham ko‘mak ko‘rsatiladi. Bu yerda mehnat qilish va rivojlanish uchun imkoniyatlar mavjud”,dedi Lukashenko.

U O‘zbekistonda suv resurslari va yer masalasi dolzarb ekanini aytarkan, Belarusda bu borada imkoniyatlar ko‘proqligini va ishchi kuchiga ehtiyoj borligini ta’kidladi. Bundan tashqari, Lukashenko belarusliklar o‘zbeklarga nisbatan iliq munosabatda ekanini ham qo‘shimcha qildi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Toshkentda elektr energiyasi uzilishlarini bartaraf etish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi. Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, komissiya poytaxt energotizimida kuzatilayotgan avariyalarning sabablari, uskunalarning texnik holati, rekonstruksiya ishlarining sifati va avariyaga qarshi himoya tizimlarining samaradorligini o‘rganib chiqadi. Ma’lumot uchun, oxirgi ikki haftada ikkita podstansiyada jiddiy avariyalar ro‘y berdi va umuman, avariyaviy uzilishlar yozning ilk kunlaridan buyon ro‘y berib turibdi. Energotizim uchun asosiy sinov esa hali oldinda turgan bo‘lishi mumkin: sinoptiklar kelasi hafta O‘zbekistonda havo harorati 46 darajagacha chiqishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Korrupsiyada gumonlangan sobiq hokim davlat ishiga qaytdi. Gap – 2018-2022 yillarda Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanini boshqargan Erkin Alimov haqida ketyapti. U kuni kecha Mahallalar uyushmasining viloyat boshqarmasiga boshliq etib tayinlandi. Ma’lumot uchun, 2022 yilda Alimovga nisbatan DXX tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va korrupsion jinoyatlarda ayblangan edi. Bu jinoyat ishining keyingi taqdiri ma’lum emas va unga qo‘yilgan bir nechta epizodli ayblovlar isbotini topmagan bo‘lishi mumkin. Har ehtimol bilan eslatib o‘tamiz, o‘tgan oydan kuchga kirgan yangi qonun bilan, korrupsion jinoyatlarda aybdor deb topilgan shaxslarni davlat ishiga qabul qilish taqiqlangan. Lekin bu taqiq amalda ishlashi uchun tegishli reyestrning ishga tushgani haqida yangilik bo‘lganicha yo‘q.

Toshkentda qurilishdagi avariyadan keyin kanalizatsiya suvi kanalga oqizib yuborildi. O‘tgan hafta oxirida Shota Rustaveli ko‘chasida markaziy kanalizatsiya quvuri ko‘chirilmay turib, kotlovan qazilishi oqibatida tuproq o‘pirilgan va kanalizatsiya quvuri uzilib ketgan edi. Rasmiylar hodisaga quruvchi kompaniya aybdor ekanini aytgan. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, yorilib ketgan kanalizatsiya quvuridan chiqqan oqova suvlar Salor kanaliga oqizilgan. Ekologiya boshqarmasi holatni tasdiqlab, aybdorlarga chora ko‘rilishini ma’lum qildi.

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid