08:43 / 10.05.2015
18247

Bozorlarda soxta Coca Cola va Fanta ichimliklari paydo bo‘ldi

Coca-cola ichimligi Uzbekiston LTD kompaniyasining ma'lum qilishicha, bir qator savdo nuqtalari, do‘konlar va bozorlarda 1.5 litrli soxta Coca Cola va Fanta ichimliklari sotilayotgani aniqlangan.
Biznes Daily nashrining yozishicha, ushbu mahsulotda shakar va uglerod dioksidi me'yoridan kam ekanligi aniqlangan. Shuningdek, nashrda soxta ichimliklarni haqiqiylaridan farqlab turadigan belgilar haqida ma'lumot berildi.

“Albatta, huquq-tartibot idoralari, soliq inspeksiyasi xodimlari joylarda noqonuniy ish bilan shug‘ullanayotganlarni aniqlash bo‘yicha tadbirlar olib bormoqda, ularni qonunga muvofiq jazoga tortmoqda. Ammo ushbu holatni to‘la bartaraf etish uchun birinchi navbatda iste'molchilarning o‘zlari xushyor bo‘lishlari talab etiladi. Ular xarid qilinayotgan mahsulotning sifatiga alohida e'tibor berishlari kerak”, - deyilada materialda.
Jumladan, soxta ichimliklarni haqiqiylaridan quyidagi belgilarga ko‘ra farqlash mumkinligi ma'lum qilindi: birinchidan, soxta mahsulotlar qadoqlanadigan termoplyonka Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston LTD tomonidan qabul qilingan standartlardan farq qiladi; ikkinchidan, yorliqlardagi kodlarga e'tibor berish talab qilinadi – bitta qadoqdagi 6ta idishda ko‘rsatilgan kodlar aynan bir xil bo‘lishi kerak, agarda bu kodlarda turli sanalar va ishlab chiqarish joylari ko‘rsatilgan bo‘lsa, bilingki, ichimlik eski idishlarga quyilgan bo‘ladi; nihoyat, idish qopqog‘ining nazorat halqasi asosiy qismdan ajralmagan bo‘lishi, shuningdek, unda qayta payvandlash izlari bo‘lmasligi kerak.

Bundan tashqari, ayrim hollarda soxta ichimlikni haqiqiysidan vazniga ko‘ra farqlash mumkin bo‘ladi. Odatda soxta ichimlik tarkibiga shakar o‘rniga uning o‘rnini bosuvchi arzon moddalar qo‘shiladi. Shu bois ichimlik zichligi belgilangan me'yordan past bo‘ladi. Bu o‘z navbatida mahsulotning vazniga ta'sir o‘tkazadi. Haqiqiy 1.5 litrli Coca Cola ichimligining vazni idishi bilan birga 1607 grammni tashkil qiladi. Soxta Cola vazni 1520 grammga teng. Bundan tashqari, haqiqiy Fanta Orange idishi bilan birga 1618 gramm tosh bosadi, soxtasining vazni esa 1520 grammni tashkil qiladi.
Eng muhimi esa, soxta ichimlik eski idish ichiga quyiladi. Idishni diqqat bilan ko‘zdan kechirganda esa uning yangi yoki eskiligini aniqlasa bo‘ladi.

Top