Madrid sudi "Barselona" jamoasining braziliyalik futbolchisi Neymarning onasiga ham o‘g‘lining 2013 yilda "Santos"dan Kataloniyaga kelishida yuz bergani gumon qilinayotgan poraxo‘rlik jinoyati bo‘yicha ayblov qo‘ymoqchi. Bu haqda Marsa nashri suddagi manbasiga asoslanib, xabar tarqatgan.
Futbolchining onasi Nadin Gonsalvesh da Silva Santos moliyaviy firibgarlik va poraxo‘rlikda ayblanishi mumkin.
Oxirgi paytlarda Neymarning transferi bilan bog‘liq shov-shuvli gaplar tinmayati. Uning “Santos”dan “Barselona”ga o‘tishini FIFA ham o‘rganib chiqishga qaror qildi. Bungacha prokuratura moliyaviy kelishuv borasida aniq xulosaga kela olmayotgandi. Ayni paytda tomonlar transfer summasining ma'lum qismini yashirishda ayblanmoqda.
Bir necha kun avval “Santos” futbolchini 6 oyga diskvalifikatsiya qilish va ma'lum miqdorda uning jarima to‘lashi lozimligini ta'kidlagandi. Aniqrog‘i, “Santos” prezidenti Modesto Roma shunday bayonot bilan chiqqandi. U ancha oldin klub FIFAga bu borada murojaat qilganini aytib o‘tgandi.
“May oyida tegishli ayblov yuzasidan dalillarni berganman. Neymar futbol kumiri hisoblansa-da, uni mas'uliyatli bo‘lishga chaqiramiz. Biz qo‘shilmaydigan ba'zi jihatlar bor. Uning “Barselona”ga o‘tishi shaffof bo‘lmagan. Buni Ispaniya va Braziliya prokuraturasi xodimlariga isbotlab berganmiz. Ushbu masala bo‘yicha holatni FIFA hal qilishini tushunamiz”, - deb aytgan Roma.
Biroq keyinchalik “Santos” hech qanday ariza yubormaganini ta'kidlagan. Klub huquqini himoya qilib, moliyaviy yo‘qotish uchun kompensatsiya olish maqsadida ekani to‘g‘risida bayonot bergan.
Eslatib o‘tamiz, Neymarning “Barselona”ga o‘tishi 57,1 million yevroga tushgan. Shundan 17,1 million “Santos”ga, 40 million esa Neymarning ota-onasi kompaniyasiga kelib tushgan. Ispan prokuraturasi aniqlashicha, kataloniyaliklarning sobiq rahbari Sandro Rosel bergan ma'lumotda transfer narxi 94,8 million yevroni tashkil etgani ko‘rsatilgan. Rosel soliq bo‘yicha firibgarlikda ayblangan. Shuningdek, hozirgi prezident Xosep Mariya Bartomeu ham ish boshidayoq transferning yuqori qiymatidan xabardor bo‘lgani aytilgan.
Bu ish nima bilan yakunlanishi ma'lum emas. FIFA barchasini o‘rganib chiqqandan keyin vaziyatga oydinlik kiritiladi. Shu o‘rinda braziliyalik hujumchi transferi taalluqli bo‘lgan 8 sud ishi haqida ma'lumot berib o‘tamiz.
Asosiy shaxslar
“Santos” Neymarning 55 foiziga egalik qilgan. Keyin 2009 yilning fevralida uning 40 foizini “DIS Esporte” va 2010 yilning noyabrida 5 foizini “Teisa” xususiy kompaniyalariga sotib yuborgan.









