Prezident Şavkat Mirziyoyev Qaşqadaryo viloyati, Qamaşi tumanidagi Çim mahallasida amalga oşirilgan bunyodkorlik işlari va aholi bandligini taʼminlaş çoralari bilan tanişdi.

“Yangi Özbekiston qiyofasidagi mahalla” sifatida rivojlantirilayotgan Çimda 5,5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, ularning qariyb yarmini yoşlar taşkil etadi.

Infratuzilmani yangilaşga 55 milliard söm yönaltirilib, 240 örinli bolalar boğçasi, 640 örinli maktab, mahalla va yoşlar markazlari, istirohat boği barpo etilgan. Şuningdek, 4,5 kilometr yöl qurilib, elektr taʼminoti va suğoriş tarmoqlari yangilangan.

Davlat rahbari mahalla markazidagi öyingohda bolalar va ularning onalari bilan suhbatlaşdi. Yoşlar kutubxonasida esa kitobxon yigit-qizlarning maqsad va intilişlari bilan qiziqdi.

Prezident muloqotda Özbek tili bayrami munosabati bilan Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va Halima Xudoyberdiyeva ijodini esladi. Tilga, milliy adabiyotga va ajdodlarimiz merosiga eʼtibor ortib borayotganini qayd etdi.

– Bugun tilimizga, millatimizga va özligimizga bölgan ehtirom tobora yuksalmoqda. Odamlar yana kitob öqişga intilyapti. Ota-bobolarimizdan qolgan maʼnaviy merosni qayta tiklayapmiz. Qamaşining Çim mahallasida ham şunday maʼnaviy muhit, şunday şaroitlar yaratilmoqda, – dedi davlat rahbari.

Prezident oliy taʼlim imkoniyatlari kengaygani, bilimli va Vatanini sevadigan kadrlarni tayyorlaş mamlakat kelajagi uçun zarurligini taʼkidladi.

– Ilgari 100 nafar yoşdan atigi 9 nafari oliy taʼlimda öqigan bölsa, bugun 45 nafari öqiyapti. Oliygohlarni taşkil etiş, professor-öqituvçilarga şaroit yaratiş katta mehnat talab qiladi. Lekin Özbekistonning kelajagi uçun milliy ğururi bor, Vatanni sevadigan kadrlar kerak. Men sizlarga işonaman. Jonajon Vatanimiz, Qaşqadaryo vohasining kelajagi sizlarning qölingizda, – dedi Mirziyoyev.

Çimda aholi daromadini oşiriş uçun ham yangi imkoniyatlar yaratilgan. Xotin-qizlar mehnat qilayotgan gilamçilik va kaştaçilik korxonasiga 3,5 milliard söm sarmoya kiritilgan. Banklar kömagida 20 ga yaqin xonadonda umumiy maydoni 36 sotix bölgan issiqxonalar taşkil etilgan, mahsulotlarni saqlaş uçun 200 tonnalik muzlatkiç qurilgan. Bu işlar orqali 80 dan ortiq işsiz fuqaroning bandligi taʼminlangan.

Şuningdek, kooperatsiya asosida limonçilik rivojlantirilmoqda. Aholiga köçat, öğit va agrotexnik xizmatlar yetkazib beriladi, yetiştirilgan hosil kafolatlangan narxda sotib olinadi. Limon köçatlari orasiga kartoşka, brokkoli va kökatlar ekilişi hisobiga daraxtlar hosilga kirguniga qadar har bir issiqxonadan qöşimça 14-16 million söm daromad olinmoqda.