Biroq, uning soʻzlariga koʻra, Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish jarayonida hali koʻp ishlar qilinishi kerak.
«Oldinda hali muhim ishlar turgan boʻlsa-da, prezident Tramp avvalgidek ushbu urushga barham berish hamda kelajak avlodlar uchun xavfsizlik va farovonlikni taʼminlashga xizmat qiladigan keng qamrovli, barqaror tinchlikka erishish borasida qatʼiy», - dedi Stiv Uitkoff.
20-oktabr kuni Osloda AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb va Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi. Shundan soʻng, Uitkoff Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Sankt-Peterburgga, u yerdan esa yana Norvegiyaga yoʻl oldi va Rossiya prezidenti bilan kechgan uch soatlik muzokaralar yakunlari haqida soʻzlab berdi.
Kreml muzokaralarni samarali deb atadi va noyabr oyi boshida Abu-Dabida Ukraina boʻyicha ekspertlar darajasidagi uch tomonlama maslahatlashuvlarning navbatdagi bosqichi oʻtkazilishi mumkinligini maʼlum qildi. Oxirgi marta bunday uchrashuvlar fevral oyida boʻlib oʻtgan edi.
Uchrashuvning amaliy mazmuni tayyor kelishuvni eʼlon qilishdan emas, balki Rossiya tomoniga nizoni tartibga solish yondashuvlari aks etgan hujjatlarni topshirish hamda Rossiya, AQSH va Ukraina oʻrtasidagi uch tomonlama maslahatlashuvlarni qayta tiklash ehtimolini muhokama qilishdan iborat edi. Xabar qilinganidek, ularning navbatdagi bosqichi Abu-Dabida ekspertlar darajasida oʻtkazilishi va texnik masalalarga bagʻishlanishi mumkin.
2026-yilning yanvar oyida bunday format xavfsizlik, siyosat va iqtisodiyot masalalarini bir vaqtning oʻzida muhokama qilish imkonini bergan, Amerika vakillarining ishtiroki esa muzokaralar barbod boʻlishi xavfini kamaytirishi kerak edi. Shu bilan birga, Abu-Dabidagi ishchi guruhlar vaziyatni tartibga solishning asosiy siyosiy jihatlarini chetlab oʻtgan; oʻshanda hududiy masala boʻyicha siljish kuzatilmagan va Ukraina qoʻshinlarini Donbassdan olib chiqish masalasi koʻrib chiqilmagan edi.
Texnik maslahatlashuvlardan kelishuvlarga oʻtish yoʻlidagi asosiy toʻsiq - tomonlar pozitsiyalarining bir-biriga mos kelmasligidir. Moskva qatʼiy talablarni saqlab qolmoqda, Kiyev esa bu talablarni keskin rad etmoqda.
















