CIES eʼlon qilgan tarbiyalovchi klublarning yillik reytingida Lissabon shahri klubi xuddi 2025-yildagi kabi 101,3 ball koʻrsatkich bilan birinchi oʻrinni egalladi.
CIES uslubiyotiga koʻra, klublarning oʻrni ayni paytda ularning nechta tarbiyalanuvchisi professional klublarning asosiy jamoalarida toʻp tepayotganiga qarab belgilanadi (bunda biratoʻla 49 ta mamlakat chempionati inobatga olinadi).
Shu bilan birga, klub u yoki bu futbolchini tarbiyalagan deb hisoblanishi uchun, oʻyinchi 15 yoshdan 21 yoshgacha boʻlgan davrda ushbu klubning asosiy jamoasida kamida uch mavsum oʻtkazgan boʻlishi shart. Qoʻshimcha ballar akademiya bitiruvchisi oʻynayotgan klub saviyasi, u ishtirok etgan oʻyinlar darajasi, maydonda oʻtkazgan vaqti va yoshiga (qancha yosh boʻlsa, shuncha yaxshi) qarab beriladi.
Ushbu hisoblash uslubiyotiga koʻra, «Benfika» tarbiyalanuvchilari soni 93 nafarni tashkil etdi. Hozir ulardan faqat toʻrt nafarigina Lissabon jamoasida toʻp tepmoqda. Yana 14 nafari «katta beshlik» (Angliya, Ispaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya) chempionatlari klublarida, qolganlari esa nisbatan oddiyroq jamoalarda oʻynamoqda.
Eʼtiborlisi, ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egallagan Argentinaning «River Pleyt» va «Boka Xuniors» klublarida hisobga olish qoidalariga mos keluvchi toifadagi tarbiyalanuvchilar soni «Benfika»nikidan koʻp yoki u bilan teng: «River Pleyt»da 94 nafar va «Boka Xuniors»da 93 nafar. Biroq Argentina grandlari akademiyalarining bitiruvchilari top-klublarda kamroq ekani sababli («katta beshlik» jamoalarida 10 nafardan oʻyinchi), ularga kamroq - mos ravishda 97,6 va 96,7 ball berildi.
Yuqori oʻntalikdan joy olgan klublar orasida «Veles» (Argentina), «Ayaks» (Niderlandiya), «Barselona» (Ispaniya), «Sporting» (Portugaliya), «Defensor» (Urugvay), «Real Madrid» (Ispaniya) va «Srvena Zvezda» (Serbiya) bor.












