Rogozin Putin huzuridagi yig‘ilishda bo‘yinbog‘ bilan yuz bergan holatga izoh berdi
Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Dmitriy Rogozin Rossiya prezidenti Vladimir Putin uning qiyshiq taqilgan bo‘yinbog‘i borasida bergan tanbehiga hazilomuz izoh berdi.
"Menda NATOdagi faoliyatimdan keyin beixtiyor bo‘yinbog‘ni yon tomonga taqib yurish odati paydo bo‘lgan. Bo‘yinbog‘larni uni yeb qo‘yuvchilardan asrashga to‘g‘ri kelgan", deb yozdi Rogozin Facebook’dagi sahifasida.
13 mayda Sochidagi yig‘ilishda Putin Rogozinning tashqi ko‘rinishi borasida tanbeh bergan. Rogozining tig‘iz qilib tortilmagan va yon tomonga qiyshayib qolgan bo‘yinbog‘i Putinning e'tiborini tortgan.
"Bo‘yinbog‘ingni tortib ol", deb aytgan Putin yig‘ilish boshida Rogozin yonidan o‘tib ketayotganda. U tezda bo‘yinbog‘ini tortib olib, prezidentga minnatdorona bosh silkitib qo‘ygan.
Rogozin 2008-2011 yillarda Rossiyaning NATOdagi doimiy vakili bo‘lib ishlagan. Rogozin "bo‘yinbog‘ yeyuvchilar deb" Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashviliga ishora qilgan. 2008 yilda Saakashvili Janubiy Osetiyaga qo‘shinlar olib kirgan, biroq Rossiyaning aralashuvidan keyin Gruziya qo‘shinlari u yerdan siqib chiqarilgan.
O‘sha kunlarda yuz bergan holatlardan asabiy holatda bo‘lgan Saakashvilining telefon suhbati davomida o‘z bo‘yinbog‘ining uchini og‘ziga solib chaynayotgani kameralar tomonidan qayd qilingan va bu keyinchalik ko‘plab kinoyalarga sabab bo‘lgan.