Sizda miokard infarkti xavfi qay darajada? Buni bir necha xavf-xatar omillari yordamida baholash mumkin. Ularni nazorat qilinadigan va nazorat qilinmaydigan xavf omillariga ajratiladi. Ular orqali inson bu kasallikka moyilligi qay darajadaligini bilib olishi mumkin.

Yoqimsiz tomoni shundaki, aksariyat xavf-xatar omillari ko‘pchilikka xos. Yoqimli tomoni esa - ularning ba'zilarini nazorat qilish o‘zimizning qo‘limizda ekanligi. 

Shunday qilib, yurak xuruji xavfi omillarini ikkita asosiy guruhga bo‘lish mumkin - biz hukmron bo‘lmagan va nazorat qila olmaydigan hamda nazorat qila oladigan holatlar. 

Nazorat qilinmaydigan xavf omillari
Ularga birinchi navbatda yosh, jins va gen bilan bog‘liq omillar kiradi. Bunday vaziyatda qo‘limizdan hech narsa kelmaydi. Shuningdek, nazorat qilinmaydigan omillarga quyidagilar kiradi:

Irsiyat. Agar yaqin qarindoshlaringizdan biri yurak kasalligiga erta yo‘liqqan bo‘lsa, xavotir olishingizga asos bor. "Erta" deganda nima nazarda tutiladi? Bu yerda erkaklar 50 yoshgacha hamda ayollar 60 yoshgacha bo‘lgan davrda yurak kasalliklariga chalinishi nazarda tutilgan. 

Yoshingizga baho bering, agar 55 yoshdan oshgan erkak yoki 65 yoshdan o‘tgan ayol bo‘lsangiz, sizda ham xavotirga o‘rin bor.

Shuningdek, agar sizning surunkali kasalligingiz bo‘lsa, ayniqsa buyrak kasalliklari. 

Yuqorida qayd etilgan nazorat qilinmaydigan omillar orasida o‘zingizda uchraydigan holatni ko‘rgan bo‘lsangiz, quyida keladigan ikkinchi guruhdagi omillarni kamaytirishga va yo‘q qilishga maksimal darajada harakat qilishingiz zarur. 

Nazorat qilinadigan xavf omillari
Quyida keltirilgan holatlarga alohida diqqat qilinsa, yurak xuruji xavfini sezilarli kamaytiradi:

Chekish. Bu har qanday yoshda kuchli xavf omili hisoblanadi. 

Gipertoniya. Yuqori qon bosimi yurak xuruji hamda insultga olib keluvchi asosiy xavf omilidir. Gipertoniya 55 yoshdan katta kishilarda tez-tez uchrab turadi, shu bois qon bosimingizda o‘zgarishlar sezmasangiz ham, har yili shifokor tekshiruvidan o‘tib, sog‘lig‘ingizni nazorat qilib boring.