Suzuki’da kompaniya avtomobillarida yoqilg‘i sarfiga oid surishtiruvlar olib borilyapti
Davlat tergov guruhi Suzuki Motor avtomobilsozlik kompaniyasining Xamamatsu shahridagi bosh qarorgohi xodimlarini so‘roq qilib, hujjatlarini musodara qilmoqda. Bundan avval, kompaniya rahbariyati, mashinalarining yoqilg‘i sarfini aniqlashda, belgilangan talablarga rioya etmagani xususida bayonot bergan edi, deb xabar qilmoqda Kyodo agentligi.
Ma'lum bo‘lishicha, Suzuki Motor tomonidan ichki bozor uchun ishlab chiqarilgan 26 modeldagi jami 2,14 mln dona avtomobillarida zaruriy sinov jarayonlariga amal qilinmagan.
Bunda eksport uchun chiqarilgan mashinalarda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilmagan. Suzuki Motor vakillarining ta'kidlashicha, yoqilg‘i sarfiga oid xulosalar, sinovni o‘tkazish qoidasi buzilganiga qaramay, haqiqatga mos keladi.
Avvalroq, Suzuki Motor avtokonserni tormoz tizimi ehtiyot qismlarini yetkazib berishdagi uzilishlar sabab, Yaponiyadagi 3ta zavodida ishlab chiqarishni to‘xtatgani e'lon qilingandi.