11:03 / 06.06.2016
20224

Qozog‘iston g‘arbida terrorchilik xavfining «qizil daraja»si e'lon qilindi

Qozog‘iston g‘arbidagi Aqto‘be shahri hukumati terrorchilik xavfining «qizil» darajasini (eng yuqori daraja - tahr.) e'lon qildi.

«RIA Novosti» xabarida qayd etilishicha, aholiga tegishli axborotdan iborat SMS-bildirishnomalar kelmoqda.

O‘z navbatida Aqto‘be viloyati gubernatori Berdibek Saparboyev vaziyat nazorat ostidagilini bildirib, fuqarolarni ogohlikka chaqirgan.

Mahalliy telekanal orqali kishilarga ko‘chaga chiqmaslik va shahar bo‘ylab harakatlanishdan tiyilish tavsiya etilgan.

Shuningdek, shahar hududida internet uzilishlar bilan ishlamoqda.

5 iyun kuni Aqto‘be shahrining uchta tumanida otishma yuz berdi: noma'lum shaxslar «Pallada» va "Pantera" nomli ikkita qurol do‘koni hamda harbiy qismga hujum qildi. Maxsus operatsiyalar chog‘ida 4 jinoyatchi yo‘q qilindi.

Shaharda aksilterror amaliyot tartibi joriy etilgan. Amaliyot davomida guruhning qo‘lga olingan vakillari soni 7 nafarni tashkil qilmoqda. Qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda.

Qozog‘iston respublikasi Senati raisi Qosim-Jo‘mard Tokayev bu hujumlarni terakt sifatida baholadi.

Dastlabki ma'lumotlarda, bu hujumni uyushtirganlar radikal diniy oqim a'zolari ekani aytilgan.

Qozog‘iston IIV ma'lumotlariga ko‘ra, terakt natijasida 6 kishi (3 nafar harbiy va 3 nafar tinch aholi vakili) halok bo‘lgan.

To‘qnashuvlar oqibatida bir necha o‘n kishi yaralanib, shifoxonaga yotqizildi. Shifoxona vakili kamida 20 dan ortiq kishiga tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, «qizil» daraja bir nechta holatlarda e'lon qilinadi — sodir bo‘lgan terakt haqida yoki takroriy hujumlar tayyorlanayotgani haqida ma'lumot bo‘lsa.

Top