19-sentabr kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent osmonida ortidan uzun iz qoldirgan yorqin jism aks etgan video tarqaldi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi matbuot xizmati ushbu hodisa yuzasidan izoh berdi.
FA Astronomiya instituti ekspertlari foto va videomateriallarni dastlabki tahlil qilib, jismning tashqi koʻrinishi, harakatlanish xususiyatlari hamda qoldirgan izi meteor yoki bolid alomatlariga ega emasligini maʼlum qildi. Ushbu jism raketa qismiga koʻproq oʻxshaydi.
Institut katta ilmiy xodimi Kamoliddin Ergashevning soʻzlariga koʻra, eng ehtimoliy taxmin – bu Xitoyning «Tayyuan» kosmodromidan uchirilgan Long March-2D (Chang Zheng-2D) tashuvchi raketasining ishlab boʻlingan birinchi bosqichidir. Mazkur raketa PIESAT-2 seriyasidagi toʻrtta sunʼiy yoʻldoshni orbitaga muvaffaqiyatli olib chiqqan edi.
«Dastlabki orbital hisob-kitoblar uchirish vaqti, raketaning orbitasi hamda Toshkent osmonida hodisa kuzatilgan vaqt va yoʻnalish oʻrtasida juda yaxshi moslik mavjudligini koʻrsatmoqda. Shu sababli hozirgi bosqichda eng ehtimolli tushuntirish – Toshkent osmonida kuzatilgan hodisa ushbu kosmik uchirishning raketa bosqichi yoki undan keyingi orbital jarayonlardan biri bilan bogʻliq boʻlishi mumkin», – dedi u.
Shu bilan birga, ushbu jismni aynan mazkur raketaning qismi deb qatʼiy xulosa qilishga hali erta, deya qoʻshimcha qildi olim. Hodisani mustaqil ravishda toʻliq identifikatsiya qilish uchun yangi uchirilgan obyektlarga oid zarur elementlar va maʼlumotlar xalqaro orbital kataloglarda hozircha mavjud emas.

















