27 iyun kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an Vladimir Putinga 2015 yilning 24 noyabrida urib tushirilgan Su-24 samolyoti uchun uzr so‘rab maktub yo‘llagani haqida ma'lum qildi. Peskovning aytishicha, Turkiya prezidenti yuz bergan hodisadan afsusda ekanini bildirgan hamda uchuvchi Oleg Peshkovning o‘limi yuzasidan ta'ziya izhor qilgan va bu oila uchun tovon to‘lanishini bildirgan. 

Hozircha uchuvchining oilasiga qancha miqdorda tovon berilishi aniq emas. Buni Rossiya xukumati yoki uchuvchining oilasi hal qilishi mumkin.

Qayd etish kerakki, “Ozodlik flotiliyasi” bilan bog‘liq voqea uchun Turkiya Isroildan 20 million dollar tovon puli olgandi (2010 yili Isroil maxsus bo‘linmasi tomonidan Turkiyaga qarashli «Mavi Marmara» paromining qo‘lga olinishi chog‘ida turkiyalik harbiylar halok bo‘lgan). 

Maktubda Turkiya Rossiya bimlan aloqalarni buzish niyati yo‘qligi, Moskva Anqaraning strategik hamkori ekani ta'kidlangani aytildi.

Har ikki tomon shu vaqtgacha aloqalar tiklanishi tarafdori ekanligini aytib kelar, ammo munosabatlar yaxshilanishi uchun birinchi qadamni qo‘yishda hech bir tomon qadam tashlamayotgandi.

Kreml tomonidan berilgan bayonotlarda muloqot qayta yo‘lga qo‘yilishi uchun Anqara kechirim so‘rashi, hodisa sabablari yuzasidan tushuntirish berishi va samolyot uchun hamda uchuvchining oila a'zolariga tovon to‘lashi lozimligini aytib kelinardi. 

Turkiya rahbarining Rossiya prezidentiga yo‘llagan maktubida “Og‘riqni yengillashtirish va  yetkazilgan zararni qoplash maqsadida biz har qanday harakatlarga tayyormiz”, deyilgan. 

Tahlilchilarning fikricha, bo‘shab qolgan Turkiya plyajlari va to‘xtab qolgan Rossiyadagi qurilishlar har ikki mamakat iqtisodiyotiga zarar yeikazgani aniq. 21 iyun kuni Hurriyet gazetasi Antalyadagi tursanoat inqirozga yuz tutgani borasida xabar berdi. 2016 yilning besh oyi davomida rossiyalik sayyohlarning Turkiyaga kelishi 96 foizga qisqarib ketdi. 

Turkiyaning uzrini Rossiya qabul qilishi yoki qilmasligini vaqt ko‘rsatadi. Shu haftada har ikki prezidentning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. 

Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi aloqalarning izga tushishi bilan bog‘qliq masalalar 1 iyul kuni Sochida Qora dengiz mintaqasi Iqtisodiy Kengashi tashqi ishlar vazirlarining anjumani doirasida ham muhokama qilinadi. Anjumanda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlyud Chovusho‘g‘li ishtirok etishi kutilmoqda.