Jahon | 14:15 / 24.08.2016
12609
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya tanklari Suriyada qancha vaqt qolishi ma'lum qilindi

Turkiya qurolli kuchlarining Suriya shimolidagi harbiy amaliyotlari IShID tomonidan mavjud xavf to‘la bartaraf etilmagunicha davom ettiriladi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vaziri Efqan Ala ma'lum qilgan.

"Biz bu amaliyotni o‘tkazish qarorini koalitsiya kuchlari bilan kelishgan holda qabul qildik. Maqsadimiz - Suriya muxolifatiga ko‘mak ko‘rsatish. Gap Turkiya uchun mavjud ochiqdan-ochiq xavf to‘g‘risida bormoqda. Kecha bizning hududimizga Suriya hududidan 9ta snaryad otildi. Bugun esa yana bitta. Biz bu vaziyatga ortiq chidab turmoqchi emasmiz va chegaralarimiz xavfsizligini ta'minlash uchun barcha zarur choralarni qo‘llaymiz. Hududda xavfsizlikni ta'minlash choralari amalga oshirilmoqda, shu vaqtgacha 6ta qishloq aholisi evakuatsiya qilindi", degan u.

Bugun Turkiya tomonidan olib borilayotgan Suriya shimolidagi Jarablus viloyatini IShID jangarilaridan tozalash operatsiyasi doirasida turk maxsus bo‘linmalari Suriya hududiga kirdi.

Turk qo‘shinlarining quruqlikdagi operatsiyasi hali boshlanmagan, biroq chegarada shunga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Bundan oldingi xabarlarda Turkiya artilleriyasi xalqaro koalitsiya bilan birgalikda o‘tkazilayotgan operatsiya davomida Jarablusga zarbalar bergani va aviaparvozlarni amalga oshirgani aytilgandi. Artilleriya Jarablusdagi 63ta marraga jami 224 marta zarba bergan.

 

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid