Inson psixologiyasi nihoyatda murakkab, uning muhim qismini xayolot olami tashkil qiladi. Shunday ekan odam bir vaqting o‘zida ikki parallel olamda yashaydi: real hayotda va tasavvurlar dunyosida. Shunisi qiziqki, insonning aynan xayoliy dunyosiga tashqaridan osonlikcha ta'sir ko‘rsatish mumkin. Muhimi shundaki, bu ta'sir doim yashirin xarakterga ega bo‘lib, insonning o‘zi buni ko‘pincha payqamaydi. Bu jarayonni manipulyatsiya mexanizmi boshqaradi.
Buni hayotiy misollar yordamida izohlashga harakat qilamiz. Agar ko‘cha-ko‘yda kimdir bizdan “A” obektga borish yo‘lini so‘rasayu, biz unga “V” obektga bo‘lgan yo‘lni ko‘rsatib yuborsak, bu manipulyatsiya hisoblanmaydi, bu shunchaki yolg‘on ma'lumot berish bo‘ladi. Bu holat manipulyatsiya hisoblanishi uchun, biz o‘sha odamning ongostiga qandaydir yashirin yo‘llar bilan ta'sir ko‘rsatib, uning o‘z xohishi bilan “V” obektga borishiga erishishimiz kerak. Zotan, manipulyatsiya bu ong ustidan hukmronlik o‘rnatish bo‘lib, unda inson ruhiyati, hatti-harakatlari va dunyoqarashiga ta'sir ko‘rsatiladi. Ommaviy axborot vositalari faoliyatida qo‘llanilishi nuqtai nazaridan, manipulyatsiyani inson tafakkuri ustidan nazorat o‘rnatish deya baholash mumkin.
Manipulyatsiyaning muhim jihatlaridan biri shundaki, u orqali obektning hatti-harakatlarini dasturlash mumkin. Manipulyator doim insonning aynan ruhiy dunyosini mo‘ljalga oladi. Bunda manipulyatsiya obektiga shaxs sifatida qaralmaydi. Manipulyator uchun u shunchaki ta'sir ko‘rsatishning obekti bo‘ladi. Agar odam o‘ziga qaratilgan murojaatlarning asl mohiyatini bilib tursa, yashirin maqsadlardan xabardor bo‘lsa, bu holatga manipulyatsiya sifatida baho berib bo‘lmaydi. Shunday ekan, manipulyatsiyaning maqsadlari fosh etilgan taqdirda, shu vaqtdan boshlab ta'sir ko‘rsatishning manipulyativ xarakteri yo‘qoladi.
Manipulyatsiya mexanizmi ishga tushishi uchun soxta reallik yaratiladi, mana shu nuqtada manipulyatorga ommaviy axborot vositalari yordamga kelishi mumkin. Gap shundaki, ommaviy axborot vositalari auditoriyaga ma'lumot shaklidagi tayyor xulosalarni uzatadi, keyinchalik esa bu qarashlar odamlar tomonidan shaxsiy xulosalari sifatida o‘zlashtiriladi. Odamlar manipulyator tomonidan da'vat etilgan o‘sha hatti-harakatlarni amalga oshirganda buni hatto payqamaydi ham, negaki bularning barchasini o‘z xohish-irodalari bilan bajarayotganlik tasavvuri ularga allaqachon singdirilgan bo‘ladi.
Bugungi dunyo voqeliklari – manipulyatsiyaning yaqqol ko‘rinishidir, biroq bu alohida shaxslar ongiga ta'sir ko‘rsatish emas, butun bir millatlar, jamiyatlar ongiga ta'sir ko‘rsatishdir. Odamlarga ularning qadriyatlari va qarashlariga mohiyatan zid bo‘lgan soxta maqsadlar osonlikcha singdirilmoqda. Muammo shundaki, auditoriyaning aksar qismi o‘zi qabul qilayotgan axborot oqimini tahlil qilish, juda bo‘lmaganda, o‘sha ma'lumotlarning to‘g‘ri yo noto‘g‘riligini tekshirib ko‘rishni istamaydi. Axir axborotni shunchaki qabul qilish unga baho berish, tanqidiy nazar solishdan ancha osonroqdir. Bu – ma'lumotlarning muvaffaqiyat qozonishini ta'minlab turadigan asosiy jihatdir














