Istanbulning Umraniya tumanida oʻldirilgan 36 yoshli Durdona Hakimova va 32 yoshli Sayyora Ergashaliyeva ishi boʻyicha 11-sentabr kuni yakuniy sud majlisi boʻlib oʻtdi. Qotillik qilib, jasadlarni shaharning turli tumanlaridagi chiqindi qutilariga tashlaganlikda ayblangan 31 yoshli Dilshod Turdimurotov va 29 yoshli Gʻofurjon Kamolxoʻjayevga nisbatan sud hukmi eʼlon qilindi.

Sud har ikki ayblanuvchiga “qasddan, vahshiylik hissi bilan yoki azob berib oʻldirish” jinoyati uchun ikki martadan ogʻirlashtirilgan umrbod qamoq jazosi berdi. Shuningdek, shaxsning oʻlimidan foydalanib, turar joyda oʻgʻrilik qilish” jinoyati boʻyicha har biriga ikki martadan 7 yil – jami 14 yildan qamoq jazosi tayinlandi.

Eslatib oʻtamiz, 2026-yilning 24-yanvarida Istanbulda Oʻzbekiston fuqarosi Durdona Hakimovaning boshsiz tanasi chiqindi konteyneridan topilgan edi. Qotillikda gumonlangan ikki nafar oʻzbekistonlik erkak Istanbul aeroportida qoʻlga olingan.

Tergov doirasida Durdona Hakimovaning oʻlimi boʻyicha hibsda boʻlgan Dilshod Turdimurotov va Gʻofurjon Kamolxoʻjayev bilan oʻtkazilgan suhbatlar natijasida Sayyora Ergashaliyeva ham 23-yanvar kuni oʻsha xonadonda oʻldirilgani maʼlum boʻlgan. Ularning jasadlari boʻlaklarga ajratilib, Istanbulning turli tumanlaridagi chiqindi qutilariga tashlangan.