Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ronaldu mashg‘ulot vaqtida jamoadoshlariga jarohat yetkazishga harakat qilgani ko‘rinadigan video tarqaldi
Madridning "Real" jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu o‘zini o‘ta yomon tutishda davom etmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda futbolchining nafaqat raqibga, balki o‘z jamoadoshlariga nisbatan ham keskin harakatlarni sodir etgani ko‘rsatilgan videolar tarqaldi.
Xususan, Dortmunddagi "Signal Iduna Park" stadionida YeChLning guruh bosqichi doirasida "Borussiya"ga qarshi kechadigan bahs arafasida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar davomidagi "kvadrat mashqi" doirasida Ronaldu asablarini jilovlay olmagan. U dastlab hujumdagi sheriklari Karim Benzema va Garet Beylga to‘pni olib qo‘yish maqsadida keskin harakat bilan tashlangan. Bu vaqtda futbolchilar jarohat olishiga bir baxya qolgan. Shuningdek, bu videoda u qo‘liga tegib ketgan to‘pni olib, jahl bilan osmonga tepib yuborganini ko‘rish mumkin.
Qolaversa, "Borussiya"ga qarshi o‘yin vaqtida Ronaldu raqib jarima maydonida himoyachi Shmeltserning oyoqlariga tashlanib, hujumdagi fol ishlatgan. Bu holat videosida ko‘rish mumkinki, u raqib oyoqlariga tepishga bir necha marta uringan, lekin hakam bu vaziyatni ko‘rmay qolgan. Endilikda, video asosida uning bu harakati uchun diskvalifikatsiya qo‘llanishi mumkinligi istisno etilmayapti.
Qayd etish kerakki, Ronaldu keyingi vaqtlarda OAV diqqat markazida bo‘lib turibdi. U Fransiyadagi Yevropa chempionati finalida olgan jarohati tufayli "Real"ning avgust oyidagi o‘tkazgan mavsumoldi yig‘inlarida va Ispaniya chempionati doirasidagi o‘yinlarda ishtirok eta olmadi. Sentyabr oyidagi o‘yinlardan 4tasida maydonga tushib, 2ta o‘yinda zaxiraga olindi. 6-tur doirasida "Las-Palmas"ga qarshi o‘yinda ham almashtirilganidan keyin esa, u bosh murabbiy Zaynidin Zidan bilan ziddiyatga kirishgani haqida xabarlar tarqaldi.