O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligi uchun O‘zLiDeP partiyasi nomzodi Shavkat Mirziyoyev, partiyaning shu yil 19 oktabrda bo‘lib o‘tgan s'yezdida qilgan ma'ruzasida mamlakatdagi ijtimoiy muammolarni hal etishga doir hukumat rejalarini e'lon qildi.

Nomzod bugungi kunda, hukumat tomonidan bu borada 15ta maqsadli dastur ishlab chiqilayotganini ma'lum qilgan edi. 24 oktabrda shulardan biri qishloq aholisining ehtiyoj va talablarini e'tiborga olib, Qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish dasturi qabul qilindi. Unga ko‘ra, birgina kelgusi yilning o‘zida to‘rt xil yangi namunadagi, qulay va arzon, bir va ikki qavatli 15 mingta zamonaviy uy-joy barpo etish mo‘ljallanmoqda.

Bundan tashqari, 2017-2020 yillarda shahar joylarda 945 ta ko‘p qavatli uylar qurish dasturi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Dasturga ko‘ra, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida hamda yirik shaharlarda 50 mingga yaqin uy-joyga muhtoj oilalar uchun 5, 7 va 9 qavatli arzon uylar quriladi.

Kelajakda tasdiqlanadigan Qishloq aholi punktlarida ichimlik suvi tarmoqlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish dasturi biz uchun g‘oyat dolzarb bo‘lgan muammolarni hal etishga qaratiladi. Bugungi kunda aksariyat joylarda odamlarni qiynab kelayotgan ana shu muammoni yechish maqsadida kelgusi besh yil davomida qariyb 9 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 1 ming 400 ta quduq va 3 ming 600 ta suv inshooti quriladi va rekonstruksiya qilinadi. 

Bu esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Samarqand, Toshkent, Xorazm viloyatlarida 3,2 million aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash va mamlakatimizda ushbu ko‘rsatkichni 67 foizdan 84 foizga yetkazish imkonini beradi. Shu maqsadda Moliya vazirligi huzurida “Toza suv” maxsus jamg‘armasi tashkil etiladi. Ushbu ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun hozirgi vaqtda Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligini tashkil etish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ko‘rib chiqilmoqda.

Bugungi kunda aholi va korxonalar tomonidan elektr quvvati yetkazib berish masalasida ko‘plab e'tirozlar mavjud ekanini ochiq tan olish kerak. Buning sababi shundaki, mamlakatimiz bo‘yicha 67 foiz past kuchlanishli elektr tarmoqlari eskirgan. 
Besh yil davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish, 25 ming 300 kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish, 5 ming 600 ta eskirgan transformator podstansiyalarini almashtirish nazarda tutilgan.