Londondagi neyroxirurglar 48 yoşli bemorning gipofiz ösmasini real vaqt rejimida işlaydigan sunʼiy intellekt tizimi yordamida muvaffaqiyatli olib taşladi. Bu dunyoda birinçi şunday operatsiya hisoblanadi.

Ris Hibbert - Bedfordşirda yaşovçi ikki farzandning otasi. 18 oy oldin u kundalik sayr paytida huşini yöqotgan va tutqanoq tutgan edi. Tekşiruvlar gipofizda 11 millimetrlik yaxşi sifatli ösma borligini körsatgan. Gipofiz boş suyagi asosida joylaşgan kiçik bez bölib, ösiş, moddalar almaşinuvi, qon bosimi va tana haroratini boşqaradi.

Ösma köriş nervlariga bosim ötkaza boşlagaç, bemorning yon tomonlarini köriş qobiliyati pasaygan. U tez-tez çarçaş, boş aylanişi va muvozanat yöqolişidan aziyat çekkan. Jarrohlarning aytişiça, operatsiyasiz u köriş qobiliyatini butunlay yöqotişi mumkin edi.

Operatsiya burun orqali endoskop yordamida ötkazildi. Ösma suyak va ziç pardalar ortida yaşiringan edi, uni töliq olib taşlamaslik ehtimoli 25–50 foiz, yirik qon tomirini şikastlaş xavfi esa 0,5–2 foizni taşkil etardi.

Aynan şu yerda sunʼiy intellekt yordamga keldi. Ikkinçi ekranda tizim operatsiyani real vaqtda tahlil qildi, jarrohlik asboblarini kuzatdi, yaşirin qon tomirlari va nervlar joylaşgan joylarni belgiladi hamda ösmani xavfsizroq olib taşlaş mumkin bölgan hududlarni körsatdi. Tadqiqotçilar texnologiyani yuzlab şu kabi operatsiyalar videosi orqali örgatgan.

Operatsiyani London Universitet kolleji (UCL) mutaxassislari professor Hani Markus va Danial Xon Nevrologiya va neyroxirurgiya milliy şifoxonasida ötkazdi. Tizim faqat maslahatçi vazifasini bajardi, yakuniy qarorlarni esa jarrohlar qabul qildi.

Hibbert operatsiyadan keyin közlarini oçganida köriş qobiliyati töliq qaytganini his qilganini aytdi. Sakkiz hafta içida köriş yaxşilanayotgani, kuç-quvvat qaytgani va oldingi şikoyatlar yöqolganini taʼkidladi: «Bu menga hayotimni qaytardi».

Loyiha Britaniya Milliy soğliqni saqlaş tadqiqotlari instituti (NIHR) va Google tomonidan moliyalaştirilgan. Hozir olimlar keng kölamli klinik tadqiqotga tayyorlanmoqda. Uzoq muddatda ular jarrohlar uçun «operatsiya xonasidagi ChatGPT» yaratişni rejalaştirmoqda - kerak bölsa maslahat beradigan, lekin baribir şifokor roziligini talab qiladigan tizim.

Hibbert birinçi bemor bölişga rozilik berganini şunday izohladi: «Agar bemorlar tadqiqotlarda qatnaşmasa, şifokorlar qanday örganadi va tibbiyot qanday rivojlanadi?»