Jahon | 07:44 / 11.11.2016
7232
2 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko "Belavia" samolyoti bilan yuz bergan voqea uchun Belarus prezidentidan uzr so‘radi

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Belarusning "Belavia" aviakompaniyasi samolyoti bilan yuz bergan voqea uchun Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkodan uzr so‘radi. Bu haqda "BelTA" axborot agentligi ma'lum qildi.     

21 oktabrda aviakompaniyaga tegishli "Boing" samolyoti Kiyev aeroportidan chiqqandan keyin, chegaraga yaqinlashganda aeroport dispetcheri samolyot ortga qaytishi kerakligini aytgan. Agar uchuvchilar buni qilmasalar, havoga harbiy samolyotlar ko‘tarilishi bilan tahdid qilingan.

Samolyot Kiyevdagi Julyan aeroportiga qaytgandan keyin Ukraina huquq-tartibot muassasalari xodimlari samolyotdan arman jurnalisti Armen Martirosyanni olib chiqib ketishgan, biroq birozdan keyin qo‘yib yuborishgan. Ukraina xavfsizlik xizmatida tushuntirilishicha, samolyot milliy xavfsizlikka tahdid yo‘qligiga ishonch hosil qilish uchun qaytarilgan.  

Havoga harbiy samolyotlar ko‘tarilishi haqidagi xabar dastlab inkor qilingan, biroq Belarus tomoni samolyot ekipaji sardorining dispetcher bilan muloqoti yozuvini chop etgach bu holat tan olingan.

Minskka uchib ketayotgan samolyot bortida 136 nafar yo‘lovchi va ekipajning 6 a'zosi bo‘lgan. Hodisa yuzasidan Minsk Kiyevga rasmiy norozilik bildirgan.

4 noyabrda Martirosyan Ukraina hukumatiga qarshi da'vo arizasi topshirishini aytgan. Bundan ikki kun avval "Belavia" aviakompaniyasi Kiyev ushbu voqea uchun "kichik miqdorda tovon puli" to‘lashga rozi bo‘lganini ma'lum qilgan. 

Poroshenko Lukashenkoga bu voqeaga aloqadar barcha aybdorlar jazolanganini ma'lum qildi.

Davlatlar yetakchilari bunday voqealarning kelajakda yuz bermasligi uchun tegishli xizmatlar yaqin orada xavfsizlik sohasida hamkorlik qilish haqida maslahatlashuv o‘tkazishlariga kelishib oldilar.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid