Lukashenko 30 iyul kuni Brest viloyatiga amaliy tashrifi davomida bu qaror odamlarni qo‘rqitish, ularni jazolash yoki armiya saflarini to‘ldirish maqsadida qabul qilinmaganini aytdi.
«Bu kimnidir qo‘rqitish yoki armiya saflarini to‘ldirish uchun emas. Agar sen bu ishda ishlashni istamasang, seni boshqa ishda sinab ko‘ramiz. Oddiy erkaklar va ayollar bajaradigan ishda - armiyada», dedi u.
Belarus rahbarining ta’kidlashicha, bu chora odamlar ustidan «masxara qilish» yoki ularga nisbatan tazyiq o‘tkazish emas, balki o‘zini boshqa, murakkab va jismoniy jihatdan og‘ir ishda ko‘rsatish imkoniyatidir.
Lukashenko, shuningdek, mamlakatda barcha darajalarda mehnat va texnologik intizom ta’minlansa, belarusliklar katta natijalarga erisha olishiga ishonch bildirdi. Uning so‘zlarini Belarus davlat axborot agentligi BelTA keltirgan.
Qishloq xo‘jaligida ishlaydigan, ammo mehnat intizomiga amal qilmaydigan xodimlarni armiyaga yuborish haqidagi topshiriqni Lukashenko 21 iyul kuni bergan edi.
O‘shanda u: «Ishlashni bilmaydiganlarning barchasini armiyaga va janubiy chegaraga yuborish kerak. O‘rmonga. U yerda bizning yigitlarimiz, maxsus operatsiyalar kuchlari mening buyrug‘im bilan Ukraina chegarasi bo‘ylab joylashtirilgan», degan edi.
Lukashenko ma’muriyati rahbari Dmitriy Krutoy 22 iyul kuni ushbu harbiy yig‘inlar ikki-uch oy davom etishini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus rahbari hosilni yig‘ib olish jarayonida «eng qat’iy, safarbarlikka yaqin tartib»ni joriy etgan. Shu munosabat bilan ishda kamchilikka yo‘l qo‘ygan, intizomni buzgan, o‘g‘rilik qilgan, mast holda ishga chiqqan, dangasa va ishyoqmas xodimlarni Mudofaa vazirligi ixtiyoriga yuborish rejalashtirilgan.
Dmitriy Krutoy bunday xodimlar uchun xizmat sharoitlari «spartancha», ya’ni o‘ta qattiq va qulayliklarsiz bo‘lishini ta’kidladi.
Uning aytishicha, «tekinxo‘rlar» armiyada o‘z jismoniy holatini yaxshilash, intizomga o‘rganish va qilgan xatolarini mamlakat qurolli kuchlari manfaati yo‘lida foydali mehnat bilan tuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.











