O‘zbekiston | 11:11 / 01.12.2016
4036
7 daqiqa o‘qiladi

Xitoy elchisi: «O‘zbekistondagi Prezident saylovi mamlakat farovonligi yo‘lida jamiyat jipslashuvining yaqqol misoli bo‘ladi»

2016-yil 4-dekabr kuni O‘zbekiston xalqi davlat rahbarini saylaydi. Ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy voqea arafasida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Sun Litsze “Jahon” axborot agentligi uchun eksklyuziv intervyu berdi.

Elchi janoblari, Xitoyning Toshkentdagi diplomatiya missiyasi rahbari sifatida siz O‘zbekistonni yaxshi bilasiz, respublikamizning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotida kechayotgan jarayonlardan yaxshi xabardorsiz. Shu bois sizning oldinda turgan Prezident saylovi va uning O‘zbekiston kelajagi uchun ahamiyati to‘g‘risidagi fikrlaringizni bilishni istar edik.

- Davlat rahbari uchun ovoz berish O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqea bo‘lishi bilan birga davrning mamlakat rivojlanishidagi ahamiyatli bosqichi hisoblanadi. Uning natijalari davlatni yanada modernizatsiyalash bo‘yicha keng qamrovli islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi.

Shunisi quvonarliki, saylovga tayyorgarlik jarayoni qonunchilikka qat'iy rioya etilishi asnosida ochiqlik va oshkoralik muhitida kechmoqda. Aholining aksariyati oldinda turgan voqeaning muhim ahamiyatini va ovoz berishda qatnashish zarurligini teran anglagani barobarida respublika ijtimoiy-siyosiy hayotida katta faollikni hamda yuqori darajadagi huquqiy madaniyatni namoyon etmoqda.

Shubha yo‘qki, saylovlar qonuniylik va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tadi hamda mamlakat farovonligi yo‘lida jamiyat jipslashuvining yaqqol misoli bo‘ladi. Xitoy tomoni o‘zbek xalqini o‘zining mustaqil taraqqiyot yo‘lida bundan keyin ham qat'iy qo‘llab-quvvatlaydi.

- O‘zbekistonda shakllangan saylov tizimiga hamda mamlakatimizda saylov jarayonining ochiqligi, oshkoraligi va shaffofligi ta'minlanishi maqsadida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni Siz qanday baholaysiz?

- Mustaqillik yillari davomida O‘zbekistonda siyosiy va huquqiy sohalarning izchillik bilan bosqichma-bosqich modernizatsiyalashuvi tufayli zamonaviy saylov tizimi yaratildi. U demokratiya andozalariga va umum e'tirof etilgan xalqaro me'yorlarga to‘la javob beradi, fuqarolar o‘z xohish-irodalarini erkin ifoda etishlarining huquqiy kafolatini ta'minlaydi. 

Siyosiy partiyalarning keng ko‘lamdagi ijtimoiy-siyosiy faoliyati uchun sharoitlar yaratib bergan ko‘ppartiyaviylik tamoyili hamda qonunchilikka to‘la muvofiq ravishda ochiqlik va oshkoralik asosidagi demokratik saylovlar tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta'minlaydigan mustaqil saylov komissiyalarining faoliyat ko‘rsatishi milliy saylov tizimidagi eng muhim o‘ziga xoslik hisoblanadi. Shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa nodavlat institutlari ham alohida ahamiyat kasb etadi. Ular fuqarolar siyosiy va ijtimoiy faolligi oshishining, aholi xohish-irodasi va fikrlarini ifoda etishning ishchan omillari bo‘lib qoldi.

Shunisi ham e'tiborga sazovorki, xalq hokimiyati asoslari mustahkamlanishi yo‘lida respublikangizning saylov tizimi xalqaro andozalarga muvofiq ravishda takomillashmoqda va isloh etilmoqda. Ishonchim komilki, oldinda turgan saylovlar O‘zbekiston saylov tizimi samarali ekanligini va demokratiyaga tayanganligini yana bir bor tasdiqlaydi.

- Oldinda turgan saylovlarga tayyorgarlik jarayonlari hamda olib borilayotgan tashkiliy va tashviqot ishlari xususidagi fikrlaringizni ham o‘rtoqlashishingizni so‘rar edik...

- Hozirgi kunda saylov kampaniyasi o‘zining yakuniy bosqichiga chiqdi. Xalqaro jamoatchilik bo‘lib o‘tadigan saylovga tayyorgarlikni diqqat bilan kuzatmoqda. O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturini hayotga tadbiq etish doirasida turli darajadagi saylov komissiyalari tomonidan fuqarolarning saylov huquqlarini ta'minlashga yo‘naltirilgan salmoqli ishlar amalga oshirilganini qayd etish menga mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Biz oliy davlat rahbari lavozimiga nomzodlarning tashviqot ishlari qonuniylik, shaffoflik, ochiqlik va tenglik asosida o‘tayotganini yuqori baholaymiz. Mamlakatda saylovchilar o‘rtasida faol axborot-targ‘ibot ishlari hayotga tadbiq etilmoqda, saylov kuni ovoz berish jarayonlarini onlayn tarzda kuzatish mumkin bo‘lgan yagona kompyuter tizimi yaratildi.

Saylov jarayonlarida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillarining kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi saylov shaffofligining oshishiga xizmat qiladi va uning xalqaro andozalarga mosligini namoyon etadi. Biz saylovga tayyorgarlikning yuqori tashkiliy darajada o‘tayotgani hamda O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat barpo etilgani yuzasidan xalqaro kuzatuvchilar missiyasi tomonidan bildirilgan fikrlarga to‘la qo‘shilamiz.

- Prezident saylovidan keyingi haftada O‘zbekiston xalqi mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligini nishonlaydi. Kuchli fuqarolik jamiyati, huquqiy demokratik davlat barpo etish va ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga o‘tish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishida O‘zbekiston Asosiy Qonunining tutgan o‘rni va ahamiyati haqidagi fikrlaringizni ham bildirsangiz.

- O‘zbekiston Konstitutsiyasi mamlakat mustaqilligining yorqin ramzi hamda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiga o‘tish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda mustahkam va muhim huquqiy asos bo‘lib qoldi.

O‘tgan yillar davomida Asosiy qonunda belgilangan qoidalarning hayotga tadbiq etilishi tufayli O‘zbekiston zamonaviy ko‘p tarmoqli iqtisodiyotga ega bo‘lgan, demokratik yangilanishlar yo‘lida ishonch bilan odimlayotgan aholining farovonligi jadal o‘sishini ta'minlayotgan va barqaror rivojlanayotgan davlatga aylandi. Eng muhimi, Konstitutsiyada aynan fuqarolar huquq va erkinliklariga, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga alohida o‘rin ajratilgan. Inson, uning hayoti, erkinligi, or-nomusi, qadr-qimmati va boshqa huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi g‘oyasi qonunchilik asosida mustahkamlangan. Mustaqil O‘zbekiston tarixi Asosiy Qonunning ulkan salohiyatini komil ishonch bilan tasdiqlaydi. Konstitutsiya hamda uning islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi puxta o‘ylangan tamoyillari O‘zbekistonning yorqin kelajagiga ishonch bag‘ishlaydi, deya qayd etish mumkin.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini ushbu muhim sana bilan samimiy muborakbod etishni, unga yanada katta muvaffaqiyatlar va farovonlik tilashni istar edim.

“Jahon” AA

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid