Shov-shuvli loyiha

FIFA prezidenti Janni Infantino jahon chempionatlaridagi tijorat ulushlarini xususiy investorlarga sotish g‘oyasini ilgari surdi. Agar ushbu loyiha ma’qullansa, Xalqaro futbol federatsiyasi tarkibiga kiruvchi 211 ta milliy assotsiatsiyaning har biriga 40 million dollargacha pul va’da qilindi. FIFA a’zolariga ushbu loyiha bo‘yicha javobini bildirish uchun 19 sentyabrgacha muddat berildi.

Ushbu reja erkaklar va ayollar ishtirokidagi asosiy turnirlarni, jumladan, milliy jamoalar ishtirokidagi jahon chempionatlari, shuningdek, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini nazorat qiladigan FIFA Forward Enterprise nomli alohida kompaniya tashkil etishni nazarda tutardi.

Shu bilan birga, bunda FIFA rasmiy ravishda nazoratni o‘zida saqlab qolar, tashqi investorlar futbol qoidalarini, jahon chempionati ishtirokchilari yoki xalqaro taqvimni o‘zgartira olishmas, ular sport qismini boshqarish huquqisiz minoritar ulushga ega bo‘lishi kerak edi.

Investorlarga FIFA Forward Enterprise aksiyalarining 20 foizi taklif etilgan. Loyihaga jalb qilingan Amerikaning JPMorgan Chase banki yangi kompaniyani 20 milliard dollarga baholagan.

Tramp oilasi ishtiroki

Investitsiya guruhiga Tramp oilasi a’zolaridan birining kompaniyasi rahbarlik qilishi rejalashtirilgandi. The Times manbalari dastlab Infantino yangi loyiha bo‘yicha AQSh prezidenti ma’muriyatiga yaqin odamlar bilan maslahatlashgani haqida xabar bergandi. Ko‘p o‘tmay FIFA tijorat masalalari bilan Amerikaning Thrive Capital investitsiya kompaniyasining Thrive Eternal fondi shug‘ullanishini tasdiqladi. Thrive Capital investitsiya kompaniyasiga esa 2009 yilda Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerning ukasi Joshua Kushner asos solgan.

Bloomberg manbalari hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yil fevraliga kelib Thrive Capital umumiy qiymati taxminan 50 milliard dollarlik aktivlarni boshqargan, bu esa uni dunyodagi eng yirik venchur kapital firmalaridan biriga aylantirgan. Uning portfelida OpenAI va SpaceX aksiyalari bor, u Instagramning dastlabki investorlaridan biri bo‘lgan, ammo yaqin vaqtlargacha sport sohasiga aralashmagandi. Uch oy oldin sport sohasi uchun Thrive Eternal fondi tashkil etildi, u orqali kompaniya 2026 yil aprel oyida «San Francisco Gians» beysbol klubining minoritar ulushini sotib olgandi.

FIFA Forward Enterprise’ni ta’sis etish uchun shunchaki futbol federatsiyalarining ko‘pchilik qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlov bo‘lishi kifoya qilardi. Shuningdek, tashabbusni oltita konfederatsiya vakillaridan tarkib topgan FIFA kengashi ma’qullashi kerak edi. Yakuniy qaror FIFAning 2027 yil 18 mart kuni Marokashda o‘tkaziladigan navbatdagi, 77-kongressida qabul qilinishi ko‘zda mo‘ljallangandi. Ushbu kongressda FIFA prezidentligi saylovi ham o‘tkaziladi va unda Infantino uchinchi muddatga qolish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Ammo uning homiylik loyihasi anons qilinganidan keyin Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi «PSJ» futbol klubi prezidenti Nosir Al-Helayfini unga qarshi nomzod sifatida ilgari sura boshladi.