Jamiyat | 17:52 / 10.02.2017
6226
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston teatri “Aykol Manas” spektakli bilan O‘zbekistonga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining saylovoldi uchrashuvlarida qo‘shni mamlakatlar bilan barcha sohalarda do‘stona aloqalarni kuchaytirish orqali xalqlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, qon-qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash to‘g‘risida alohida fikrlar bildirilgan edi. Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan ham bu borada bir qator ishlar rejalashtirilgan va amalga oshirilmoqda.

Bugun Qirg‘iziston Respublikasi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatrining ijodi jamoasi Andijon viloyatining “Do‘stlik” chegara postida Madaniyat va sport ishlari vaziri o‘rinbosari F.Djurayev boshchiligidagi o‘zbekistonlik san'at va madaniyat nomayandalari tomonidan kutib olindi.

Qirg‘izistondan tashrif buyurgan mehmonlar hamda viloyatdagi teatrlarning san'atkorlari tomonidan Andijon shahri markazida o‘rnatilgan Zahiriddin Muhammad Bobur haykali poyiga gulchambar qo‘yilib, buyuk adabiyot namoyondasi, bobokalonimizga hurmat va ehtirom ko‘rsatildi.

O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasining chegara oldi hududlari o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish, aholi, ayniqsa, yoshlarni Qirg‘iziston teatr san'atining namunalaridan bahramand etish hamda ijodiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan ijodiy tashrif 17 fevralgacha davom etadi.

Ijodiy safar davomida Bobur nomidagi o‘zbek musiqali drama teatrining “Aykol Manas” spektakli joriy yilning 10-12 fevral kunlari Andijon viloyati musiqali drama teatrida, 13-14 fevral kunlari Namangan viloyati musiqali drama teatrida hamda Farg‘ona viloyati teatr-konsert saroyida 15-17 fevral kunlari o‘tkaziladi.

Gastrol safari davomida teatrlarda qirg‘iz hamda o‘zbek san'ati nomayandalari o‘rtasida ijodiy uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etiladi.

Mavzuga oid