O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. Farmon matni O‘zA tomonidan keltirilgan.
Madaniyat va sport sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirish, mazkur sohada O‘zbekiston xalqining boy va o‘ziga xos madaniyati, san'ati va ijodiyotini yanada rivojlantirishni ta'minlashga yo‘naltirilgan davlat siyosatini amalga oshirish samaradorligini tubdan yuksaltirish, aholi keng qatlamlari orasida ma'naviy-axloqiy kamolot va sog‘lom turmush tarziga intilishni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tugatildi va uning negizida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tashkil qilindi.
Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatining asosiy vazifa va yo‘nalishlari etib belgilangan:
madaniyat sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, milliy madaniy va ma'naviy merosni asrab-avaylash va ko‘paytirish, san'at va badiiy ijodni har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning ma'naviy-axloqiy va madaniy darajasini yanada yuksaltirishni rag‘batlantirish, uni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalaridan bahramand etish borasida tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
aholi keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar qalbi va ongiga mustaqillik, yuksak ma'naviyat, insonparvarlik an'analariga sadoqat, milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini yanada chuqur singdirish, radikalizm va ekstremizmdek yot g‘oyalarga qarshi immunitetni mustahkamlash, jamiyatning muttasil ortib borayotgan intellektual, estetik va madaniy ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan ommaviy-madaniy tadbirlarni o‘tkazishga qaratilgan ma'rifiy ishlarni amalga oshirish;
badiiy ijod, shu jumladan, teatr, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy san'atini yanada rivojlantirishni rag‘batlantirish, xalqimiz tarixi va bugungi hayotining eng yorqin sahifalarini, mamlakatimizning erkin demokratik taraqqiyotini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga, ayniqsa, ijodkor yoshlarga har tomonlama ko‘maklashish;
madaniyat muassasalari, jumladan, teatrlar, madaniyat va aholi dam olish markazlari, madaniyat va istirohat bog‘lari, muzeylar hamda boshqa madaniy-ma'rifiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning faoliyat samaradorligini oshirish, ma'naviy yetuk, intellektual barkamol va yuksak madaniyatli shaxslarni tarbiyalash ishida ushbu muassasalar imkoniyatlaridan yanada to‘liq foydalanish;







