Donald Tramp Iroq urushi qahramoni, ayni vaqtda 54 yoshda bo‘lgan general-leytenant Gerbert Reymond Makmasterni Milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yangi maslahatchisi etib tayinladi. U Rossiya elchisi bilan muloqoti ortidan yuzaga kelgan mojaro tufayli iste'fo bergan Maykl Flinning o‘rnini egalladi. Bundan oldingi xabarlarda ushbu lavozimni egallagani aytilgan Kit Kellog ham Milliy xavfsizlik kengashida qoladi, u 13-20 fevral kunlari davomida bu lavozimda vaqtincha rahbar vazifasini bajardi. Reymond Makmaster MXK direktori hisoblanadi.

Makmaster armiya strategi sifatida mashhur. U AQShning o‘tgan asrdagi siyosati tanqidchisi (xususan, Vetnam urushi borasida), Pentagonning Rossiya harbiy qudratini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlari mualliflaridan biri.

Ulkan tajribaga ega odam

Makmasterni yangi lavozimga tayinlar ekan, Tramp uni "ulkan tajriba va talantga ega odam" sifatida atadi. "U armiyada katta hurmat va e'tiborga ega shaxs, u bizning yonimizda ekanligi bilan faxrlanamiz", dedi prezident.

Prezidentning bu qarorini hatto uning tanqidchisi ekani bilan ma'lum senator Jon Makkeyn ham qo‘llab-quvvatladi. U Trampning tanlovini "oqilona" deb atadi, Makmasterning o‘zi haqida esa shunday dedi: "Teran aqlga ega, bosiq xarakterli, muvaffaqiyatga eltuvchi yo‘lni bilguvchi sara kishi".

Makmaster 1962 yilning 24 iyulida Filadelfiya shtatida dunyoga kelgan. U 1980 yilda Velli-Forjdagi harbiy akademiyani tamomlagan, 4 yil o‘tib esa Vest-Poynt akademiyasini (AQShdagi eng oliy harbiy ta'lim muassasasi) bitirgan. U Germaniyadagi harbiy bazada harbiy xizmatni o‘tagan, Iroqdagi "Sahro bo‘roni" amaliyotida ishtirok etgan, Kumush yulduz ordeni bilan mukofotlangan. Keyinroq Yaqin Sharqda xizmat qilgan, 2000-yillar boshida Iroq va Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etgan.

Keyinroq esa AQSh Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondonligida tayyorgarlik va muvofiqlashtirish masalalariga mas'ul bo‘lgan. 2014 yildan buyon AQSh quruqlik qo‘shinlarining integratsiya imkoniyatlari markazini boshqarib kelgan. 2014 yilda Times nashri uni "21 asr armiya vakillari orasidagi eng yuksak tafakkurli arbob" sifatida tan olgandi. U "AQSh armiyasi kelajagining bunyodkori" sifatida ta'riflanadi.

New York Times nashrining qayd etishicha, Maykl Flinndan farqli o‘laroq general-leytenant Makmaster Tramp bilan avvaldan tanish bo‘lmagan.