XX asrning soʻnggi 10 yili turli voqealarga boy boʻldi. Tarix sahnida 68 yil yashagan va Ikkinchi jahon urushidan soʻng «dunyoning ikkinchi qutbi» sifatida maydonga chiqqan SSSR parchalanib ketadi. Shuningdek, chexlar va slovaklardan iborat Chexoslovakiya tinch yoʻl bilan parchalandi. Oltita ittifoqdosh respublikadan iborat Yugoslaviyaning taqdiri esa biroz murakkab kechadi. Ittifoqdosh respublikalarning mustaqillik eʼlon qilishi hukmron serblarga yoqmay, urush boshlanadi.

Ana shu urush davomida serblar bosniyalik hamda kosovalik musulmonlarga, shuningdek xorvatlarga nisbatan ayovsiz munosabatda boʻlib, ularni qirgʻin qiladi. Bu qirgʻinlar tepasida bir qator harbiylar, xususan Bosniya serblari armiyasi qoʻmondoni general Ratko Mladich ham bor edi.

«Bosniyalik qassob»

1943-yil Bosniyada tugʻilgan Mladich yoshligidan harbiy yoʻnalishda oʻqib, shu yoʻldan ketadi. SSSR parchalangach, Yugoslaviyadagi ittifoqdosh respublikalar ham birin-ketin oʻz mustaqilligini eʼlon qila boshlaydi. Bu ish Yugoslaviyada asosiy hukmdor boʻlgan Serbiya respublikasi va mamlakatni boshqarayotgan serb rahbarlarga yoqmaydi. Belgrad qoʻl ostidagi hududlarni yoʻqotishni istamay, mustaqillik eʼlon qilgan respublikalarning tanobini tortib qoʻyish uchun harbiy harakatlar boshlaydi. Shu tariqa keng miqyosda qurolli mojarolar boshlanadi.

Garchi davlat parchalanib ketgan boʻlsa-da, oʻzini hanuz Yugoslaviya deb atashda davom etayotgan Serbiya harbiylari bir vaqtning oʻzida Bosniya, Xorvatiya va Sloveniyaga bostirib kiradi. Ular safiga mahalliy serblar ham qoʻshiladi. Bosniyada vaziyat ayniqsa ogʻir, mahalliy serblar Yugoslaviya tarkibida qolishni istar, Bosniya aholisining katta qismini tashkil etuvchi musulmon serblar (boshnoqlar) esa mustaqillik tarafdori edi. Oqibatda mustaqillikni yoqlayotgan musulmonlarga qarshi xunrezliklar boshlanadi.

Bosniya serblari armiyasiga general Ratko Mladich qoʻmondonlik qiladi, bir qancha qirgʻinlar aynan uning buyrugʻi bilan amalga oshiriladi, Srebrenitsadagi dahshatli qatliom ham...

Srebrenitsa qirgʻini

1992-yil boshida Srebrenitsa shahri va uning atrofidagi hududlar Ratko Mladich boshchiligidagi serb armiyasi tomonidan bosib olinadi. 1992-yil may oyida Nosir Orich boshchilik Bosniya musulmonlari armiyasi hududni qaytarib oladi. 1993-yil martda hudud yana serblar tomonidan egallanadi va Srebrenitsa oʻrab olinadi.

Musulmonlarga yordam berishi mumkin boʻlgan Bosniya armiyasi ancha uzoqda edi. Taʼminot yetkazib berishning iloji boʻlmagani uchun Srebrenitsaning musulmon aholisi oziq-ovqat, dori-darmon va yonilgʻisiz qoladi. Shu tariqa, shahar 1995-yilgacha qamalda qolib ketadi.

1993-yil 6-may kuni BMT Xavfsizlik kengashi 824-sonli rezolyutsiya qabul qiladi. Unga koʻra, shahar qurollardan xoli hudud deb eʼlon qilinadi, Srebrenitsa yaqinidagi Potochari shahriga BMT tinchlikparvar kuchlari tarkibida boʻlgan niderlandiyalik harbiylar boʻlinmasi joylashtiriladi. 1995-yil 6-iyulda Ratko Mladich buyrugʻi bilan serb armiyasi niderlandiyalik harbiylar tomonidan nazorat qilinayotgan himoya chizigʻini kesib oʻtib, Srebrenitsa shahriga hujum boshlaydi.

Niderlandiyalik harbiylar bir necha kun davomida ularni qaytarish uchun jiddiy boʻlmagan harakatlar qiladi. Havoga ogohlantiruvchi oʻq uzadi, yoʻllarni toʻsishga urinadi, ammo bu ishlar serblarni qaytarib qololmasdi. 11-iyul kuni serb armiyasi shaharni bosib oladi. Ayollar va bolalarga shahardan chiqib ketishiga ruxsat beriladi, erkaklar qoladi. Oilasidan ajralishni xohlamagan bir guruh ayollar va bolalar ham shaharda qoladi.

12-iyul tunda asirlikda qolgan bosniyaliklar qochishga urinadi va bu muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi. Ertasiga serblar Ratko Mladichning buyrugʻi bilan Serski daryosi vodiysida ilk qatliomni amalga oshiradi: asirlarni oʻldirib, chuqurga tashlashadi va ustidan buldozer bilan tuproq tortishadi. Bunday qirgʻinlar yana bir necha marta sodir etiladi.

Qatliomdan soʻng 1995-yilda xalqaro hamjamiyat bosimi ostida Yugoslaviya Xorvatiya va Bosniya bilan tinchlik sulhi imzolaydi. AQShning Deyton shahrida oʻtkazilgan konferensiyada Yugoslaviya prezidenti Slobadan Miloshevich, Bosniya prezidenti Ali Izzatbegovich va Xorvatiya prezidenti Frano Tujman sulhga imzolaydi.

Qatagʻonda ayrim odamlar oʻzini oʻlganga solib tirik qoladi. Shu tarzda jon saqlab qolganlardan 8 nafari tunda hodisa joyidan qochib ketib qutulib qoladi. Ularning guvohligi va koʻrsatmalari bilan 1996-yilda Srebrenitsa atrofidagi ommaviy qabrlar haqida maʼlumot olinadi. Qidiruv ishlari olib borilganda ommaviy qabrlarning har biridan minglab odamlar jasadi chiqadi. Ilk ommaviy qabr 1996-yilda, soʻnggisi 2021-yilda topiladi.

Srebrenitsada qatagʻon qurbonlarining aniq soni hamon maʼlum emas. Turli manbalarda oʻldirilganlar soni 7 mingdan 11 ming nafargacha boʻlgani aytiladi. Ular orasida 500 dan ortiq voyaga yetmaganlar ham boʻlgan.

Bosniya urushi paytida bedarak yoʻqolganlarni qidirish boʻyicha davlat komissiyasi qurbonlar soni 8,2 ming nafar boʻlganini maʼlum qilgan. Xalqaro qizil xoch qoʻmitasi hisobotlarida 7,8 ming raqami keltiriladi. Boshqa turli tashkilotlar esa Srebrenitsada qurbon boʻlganlarning oila aʼzolari bergan maʼlumotlarga tayanib 10,7 ming kishi oʻldirilganini maʼlum qilgan.

Aybdorlar jazolanishi

1996-yilda ilk ommaviy qabr topilgach xalqaro tashkilotlar tomonidan Srebrenitsadagi qatliom boʻyicha surishtiruv boshlanadi. Oʻsha yili xalqaro tribunal serb armiyasi qoʻmondoni Ratko Mladichga qarshi 16 ta band boʻyicha ayblov eʼlon qiladi. Bu paytda general Yugoslaviyaga qochib ketgan va shu davlat armiyasi safida xizmat qilib, mamlakat rahbari Slobadan Miloshevich panohida yashayotgandi.

1996-yildan boshlab NATO bir necha marta Yugoslaviyadan Ratko Mladichni Haaga sudiga topshirishni talab qiladi, biroq serblar bu talabni eʼtiborsiz qoldiradi. 2000-yil oʻtkazilgan saylovda Miloshevich saylovda Voislav Koshtunitsaga yutqazadi. 2001-yil Koshtunitsa Mladichni isteʼfoga chiqaradi. Shu tariqa Ratko Mladich yana yashirinishga majbur boʻladi.

Xalqaro sud Yugoslaviyadan Ratko Mladichni tutib berishni talab qilishda davom etadi. General esa boshqa ism-sharif bilan yashirinib yuraveradi. 2010-yil Mladichning oilasi generalni vafot etgan deb topishni soʻrab hukumatga murojaat qiladi. Biroq Serbiya bu murojaatni rad etadi. Mladichni topib berganga mukofot vaʼda qilinadi.

Nihoyat 2011-yil fevralda general Belgraddan biroz uzoqda joylashgan Lazarevo qishlogʻida qoʻlga tushadi. Oʻsha yili 1-iyunda Ratko Mladich vertolyot bilan Haagaga yetkaziladi. «Bosniyalik qassob» Haagada oʻziga qoʻyilgan barcha ayblarni rad etadi va «faqat oʻz xalqini himoya qilganini» aytib, xalqaro tribunalni serblarga nisbatan nohaqlikda ayblaydi. Advokatlar ham general faqat buyruqlarni bajarganini iddao qiladi.

Tergov va sud jarayonida bir necha bor Mladichning sogʻligi yomonlashib, hukm eʼlon qilish choʻzilib ketadi. Oxir-oqibat xalqaro tribunal generalni Bosniyadagi musulmonlarni qirgʻin qilishda va insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topib, umrbod qamoqqa hukm qiladi.

Mladich bir necha bor yurak xurujiga uchraydi. 2024-yildan beri Haagadagi tergov hibsxonasi shifoxonasida boʻlib, u yerda palliativ yordam olayotgandi. Serbiyada davolanish vaqtincha ozod qilish haqida iltimosnomalar bir necha bor rad etiladi.

Bosniyadagi qatliomlar uchun Mladichdan tashqari uning oʻrinbosari Zdravko Tolimir, Serb Respublikasi sobiq prezidenti Radovan Karajich va general Radislav Krstich Srebrenitsadagi qatliomning asosiy aybdorlari sifatida javobgarlikka tortiladi. Shuningdek, yana koʻplab serb generallari va zobitlari Srebrenitsa qatliomida ayblanadi. Ularning ayrimlari Haagada sud qilinib jazoga tortilgan boʻlsa, ayrimlari qochib yashirinadi. Yana bir qismi sudgacha yetmay oʻlib ketadi.

2015-yilda BMT Xavfsizlik kengashi Srebrenitsa qatagʻonini genotsid deb tan olish haqidagi rezolyutsiya qabul qiladi. Rossiya va Xitoy qarshi ovoz beradi. Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSH uni qoʻllaydi.