2-mart kuni O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ga a'zo bo‘lganiga roppa-rosa chorak asr to‘ldi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish nomiga maktub yo‘lladi. 

"Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Janobi Oliylariga

Muhtaram janob Guterrish!

Sizni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi lavozimidagi mas'uliyatli faoliyatingizni muvaffaqiyatli boshlaganingiz bilan samimiy muborakbod etish hamda ushbu olijanob va jahon hamjamiyati uchun g‘oyat muhim bo‘lgan ishingizda yuksak omad tilash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

2 mart kuni biz hamkorligimizning muhim sanasi – O‘zbekiston Respublikasi BMTning to‘la huquqli a'zosi bo‘lganining 25 yilligini nishonlamoqdamiz. Ushbu tarixiy voqea O‘zbekiston mustaqil taraqqiyotida, milliy davlatchiligimiz va suverenitetimiz jahon miqyosida e'tirof etilishida eng muhim asoslardan biri bo‘ldi.

Ishonch bilan ayta olamanki, mustaqil O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub'yekti sifatida BMT nufuzini oshirish va salohiyatini mustahkamlashga, uning Nizomida belgilangan maqsad va vazifalarni ro‘yobga chiqarishga munosib hissa qo‘shdi.

Tashkilotga a'zo bo‘lish mamlakatimizga tinchlik, taraqqiyot va hamkorlik masalalarini global darajada ilgari surish, zamonamizning qator eng murakkab xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolarini hal qilish jarayonida faol ishtirok etish imkonini berdi.

O‘zbekiston 1993 yilda ilgari surgan va BMT ko‘magida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan Markaziy Osiyoda Yadro qurolidan xoli hudud barpo etish tashabbusi yadro qurolini tarqatmaslik tartibini ta'minlashga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shildi.

O‘zbekistonning Afg‘oniston mojarosiga siyosiy yo‘l bilan yechim topishga qaratilgan Afg‘oniston Islom Respublikasiga qurol-yarog‘ yetkazib berishga embargo joriy etish bo‘yicha 1995 yilda va “6+2” muloqot guruhini tuzish bo‘yicha 1997 yilda ilgari surgan amaliy takliflari juda qisqa muddatda yetakchi davlatlar va xalqaro tashkilotlarning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan faoliyatini birlashtirishga xizmat qildi.

Bosh kotiblar janob Kofi Annanning 2002 yilda, janob Pan Gi Munning 2010 va 2015 yillarda O‘zbekistonga tashriflari Markaziy Osiyo mintaqasida taraqqiyotga erishish hamda mamlakatimiz va BMT o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish masalalarini mustahkamlashga xizmat qildi. Janob Pan Gi Munning 2010 yilda Orolbo‘yida bo‘lgani Orol fojiasi va ekologik ofatga tutash mintaqalarga jahon hamjamiyatining e'tiborini kuchaytirishda muhim rol o‘ynadi.