23:31 / 07.03.2017
15269

Andijonda yil boshidan buyon qancha jinoyat sodir etilgani ma'lum bo‘ldi

Andijon shahrida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgan bo‘lsa-da, 2017 yilning 2 oyida 183 ta jinoyat sodir etilgan. Shuningdek, 6 ta o‘ta og‘ir turdagi jinoyat, 13 ta og‘ir turdagi jinoyat holati qayd etilgan. Bu haqda Andijon shahar ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar bermoqda.

Jinoyat turlaridan og‘ir tan jarohati yetkazish 5 ta, firibgarlik 31 ta, o‘g‘irlik 44 ta holatda sodir etilgan. 

Ushbu jinoyatlarning sodir etilish vaqti o‘rganilganida aksariyat tan jarohati va o‘g‘irlik bilan bog‘liq jinoyatlar kunning 2-yarimida, ya'ni soat 20.00dan, ertalab 06.00ga qadar amalga oshirilgani aniqlandi.

Jinoyatlar tahliliga ko‘ra, 18 dan 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar tomonidan 48 ta jinoyat sodir etilib, ushbu jinoyatlarda 71 nafar shaxs qatnashgan. Ulardan 11 tasida esa ayollar ishtiroki kuzatilgan.

Tahlillardan kelib chiqqan holda kelgusida tungi vaqtlarda jinoyatchilikni oldini olish, profilaktik ogohlantiruv ishlarni kuchaytirish borasida patrul-post naryadlariga keng jamoatchilikni jalb qilgan holda alohida taqsimot asosida ish tashkil etish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.

Jumladan, Andijon shahar xududida 12 ta qo‘rg‘on hududlari tashkil etilgan bo‘lib, birinchi navbatda, kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan joylar aniqlandi. Aksariyat tan jarohati va o‘g‘irlik bilan bog‘liq jinoyatlar tungi vaqtlarda sodir etilayotganligi inobatga olinib, har bir hududga alohida patrul naryadlari taqsimoti va ish tartibi ishlab chiqildi.

Taqsimotga ko‘ra 19 ta yo‘nalish bo‘yicha tungi xizmatga jalb etilgan xodimlarga Andijon shahar ichki ishlar boshqarmasida har kuni soat 20.00da kechki yo‘riqnomaga asosan maqsadli vazifalar belgilab berilmoqda va ertalab 06.00ga qadar xizmat olib borilishi tashkillashtirilmoqda.

Profilaktik tadbirlarda jami 12 ta hududga 19 tezkor guruh, PPX va JTSBning 12 ta avto va 7 ta piyoda patrul guruhi 19 ta yo‘nalishda xizmat olib borishmoqda.

Olib borilgan tadbirlar davomida tungi vaqtda bemaqsad yurgan 400 nafardan ziyod fuqaro bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ularning barchasini barmoq izlari olindi. Noqonuniy ravishda qimorxona tashkil qilgan 2 ta holat aniqlandi. Huquqbuzarlik sodir etilishiga yo‘l qo‘ygan 20 nafar ziyod fuqaroga nisbatan ma'muriy tartibda choralar ko‘rilib, jamoat joylarida spirtli ichimlik iste'mol qilgan 6 nafar fuqaro tibbiy hushyorxonaga joylashtirilgan.

Top