Sayt tahririyatiga televideniye O‘zbekiston chempionati o‘yinlarini yoritishda viloyatlarga befarqlik bilan qarayotgani haqida murojaat kelib tushdi.
"Ismim — Abdujalol. Qashqadaryoning Shahrisabz shahridanman.
Futbolni sevib tomosha qilaman, viloyatimizning bosh jamoasi "Nasaf" muxlisiman. Lekin oradagi masofa 110 km bo‘lgani uchun o‘yinlarni doim ham stadionga borib tomosha qila olmayman.
Mana, poytaxtimiz Toshkentda 4 ta jamoa Oliy ligada o‘ynamoqda, ularning deyarli barcha o‘yinlari "Sport" telekanalida jonli olib ko‘rsatiladi, muxlislar xohlashsa - stadionga boradi. Biz, viloyatdagi muxlislarning ulardan nima kamchiligimiz bor?
Faqat poytaxt jamoalari Qarshiga kelishsagina o‘yin "Sport" telekanalida jonli olib beriladi, qolgan vaqt viloyat televideniyesi tungi soat 11 yoki 12da yozib olib ko‘rsatadi. O‘yin tugagan, hisob va gol mualliflari ma'lum bo‘lib bo‘lganida. Ushbu o‘yinni kechqurun kim ko‘radi? Gollarni kim urgani aniq, kimga kerak bu tomosha?
Bu borada O‘FFga murojaat qildik, "bu bizlarning ishimiz emas", deb aytishdi. O‘yinlarni jonli olib berishga Toshkent ruxsat bermas emish. Bizlar nima qilaylik, maslahat kerak. Portalga yozmoqchi edim, bu uncha katta muammo emas-ku? Iltimos, shu masalani o‘rganib, javob bersalaringiz".
Darhaqiqat, futbol — millionlar o‘yini. Yurtimizda 16 ta jamoa milliy chempionatimiz Oliy ligada muntazam ishtirok etmoqda. Keyingi yillarda viloyatlarda stadionlar liq to‘layotgani, muxlislarning futbolga bo‘lgan qiziqishlari ortib borayotganidan ham dalolat beradi.
Namangan, Buxoro, Navoiy, Qarshi, Samarqand shaharlarida stadionlar muxlislar bilan to‘lib toshmoqda. Bu esa futbol klublariga bu borada ham qo‘shimcha daromad qilish imkoniyatini taqdim etadi.
Biroq futbol ko‘raman, deydigan muxlisning hammasini ham stadionga sig‘dirib bo‘lmaydi. Bu borada televideniye va radio yordamga kelishi kerak, albatta. Chunonchi, yurtimizda shu maqsadda "Sport" telekanali ochib qo‘yilgan. Telekanalning bosh maqsadi — yurtimizda o‘tayotgan har bir sport musobaqasini yoritish, jumladan, eng muxlisi ko‘p sport turi bo‘lmish — futbolni omma o‘rtasida yanada kengroq targ‘ib qilishdan iborat, buni hammamiz bilamiz.
Yana bilamizki, xorijiy davlatlarda nomdor futbol klublar daromadining asosiy qismini teletranslyatsiyalardan olishadi. Translyatsiyada butun maydon bo‘ylab yopishtirib tashlangan reklama yozuvlarini ko‘rgansiz. Ular ham bekorga turgani yo‘q. Bularning barchasini o‘sha reklama beruvchilardan pul ishlash uchun o‘rnatishgan.















