Yakunlangan haftaning Oʻzbekiston hayotiga oid ayrim mavzulari – Kun.uz dayjestida.
Oʻzbekiston armiyasida – zamonaviy qiruvchi samolyotlar
Oʻzbekiston ilk marta Xitoydan olingan yangi avlod qiruvchi samolyotlarini namoyish qildi. Mudofaa vazirligi 30-avgust kuni eʼlon qilgan qisqa videolavhada Xitoyda ishlab chiqarilgan Chengdu J-10CE rusumli qiruvchi samolyotlarni koʻrish mumkin. Kadrlardan birida yangi uchoqlar soni oltita ekani koʻrinadi. Vazirlik shov-shuvli xarid tafsilotlariga aniqlik kiritmadi. Avvalroq Oʻzbekiston bu samolyotlardan 24 tasiga buyurtma bergani, oʻzbek uchuvchilari Xitoyda qayta tayyorgarlikdan oʻtayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Tahlilchilarga koʻra, 4+ avlodiga mansub bu qiruvchilar Oʻzbekiston armiyasini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi. J-10CE – bir oʻrindiqli, bir dvigatelli, koʻp vazifali uchoq boʻlib, maksimal tezligi – 1,8 Mach atrofida. Faol fazali antennaga ega radar (AESA) bilan jihozlangan samolyot bir vaqtning oʻzida bir nechta nishonni kuzatish va ularga zarba berish imkoniyatiga ega. Bu jihatdan J-10CE sovet davrida ishlab chiqilgan MiG-29 va Su-27 samolyotlaridagi eski radarlarga nisbatan zamonaviyroq hisoblanadi.
Xitoy qiruvchisi havo-havo va havo-yer raketalarini qoʻllay oladi. Xususan, uning PL-15E uzoq masofali havo-havo raketasining maksimal uchish masofasi 100 kilometrdan ortiq ekani aytiladi.

Turli manbalarda J-10CEning taxminiy eksport narxi 40-50 mln dollar ekani qayd etilgan. Uchuvchilarni oʻqitish, oʻq-dorilar va texnik xizmat koʻrsatish ham shu narx ichiga kiradi. Bu esa har biri 100 million dollardan boshlanadigan Gʻarb analoglaridan sezilarli arzon hisoblanadi.
Oʻzbekiston – Xitoyning bu qiruvchilarini sotib olganini rasman tasdiqlagan Pokistondan keyingi ikkinchi davlat boʻldi. Jahon bozorida J-10CEga talabning oshishi 2025-yil may oyida Hindiston va Pokiston oʻrtasidagi havo toʻqnashuvlari bilan bogʻliq boʻlgan. Oʻshanda Pokiston shu samolyotlar yordamida Hindistonning Rafale va Su-30 qiruvchilarini urib tushirganini daʼvo qilgan. AQSH Mudofaa vazirligi 2025-yil dekabrdagi hisobotida Pokistonga 36 ta J-10C yetkazilganini tasdiqlab, Misr, Indoneziya, Bangladesh va Eron ham bu uchoqlarga qiziqish bildirganini qad etgan.
Tailandga – Moskva orqali?
Oʻzbekistonliklar orasida eng ommabop turistik yoʻnalishlardan biri boʻlmish Tailand oʻzining vizasiz rejim siyosatini keskin qayta koʻrib chiqdi. Mamlakat hukumati “vizasiz rejimni suiisteʼmol qilayotgan xorijliklar koʻpayib boryapti” degan vaj bilan, 93 ta davlat, xususan Oʻzbekiston vatandoshlari uchun amalda boʻlgan 60 kunlik vizasiz rejimni 15-sentabrdan eʼtiboran rasman bekor qildi.
Bunda, ayrim davlatlar fuqarolari uchun vizasiz rejim muddati kamaytirilgan, uchta davlat: Ozarboyjon, Belarus va Serbiya fuqarolari uchun esa Tailand hududiga kirib borganda viza olish tartibi belgilangan. Afsuski, Oʻzbekiston yengillashtirilgan viza tartibi boʻyicha hech qaysi toifaga kiritilmadi va endi, vatandoshlarimiz 15-sentabrdan boshlab Tailandga sayohat qilish uchun oldindan viza olishi kerak. Eng qizigʻi, oʻzbekistonliklar Tailand vizasini olish uchun bu davlatning Moskvadagi (!) elchixonasiga borib toʻlov qilishiga toʻgʻri keladi.
Tashqi ishlar vazirligiga koʻra, hozir rasmiy Bangkok bilan bu masalada muloqot olib borilyapti. Toʻlovni onlayn shaklga oʻtkazish yoki hech boʻlmaganda Qozogʻistondagi vakolatxona orqali amalga oshirish imkoniyatlari koʻrib chiqilyapti. Maʼlumot uchun, rasmiy statistikaga koʻra, Tailandga sayohat qilayotgan oʻzbekistonliklar soni ikki yil ichida 2,5 barobardan koʻproqqa oshib, 2025-yilda 30,5 ming nafarni tashkil etgan. 2026-yilning dastlabki 4 oyida esa 16 300 dan ortiq oʻzbekistonlik bu yurtga sayohat qilgan.
Soʻnggi kunlarda Qozogʻistondan kelayotgan yangiliklar ham Tashqi ishlar vazirligining aralashuvini taqozo etadi. Qozogʻistonda 25-avgustdan kuchga kirgan qonunga asosan, mamlakatga vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar fuqarolari QazETA platformasida roʻyxatdan oʻtib, Qozogʻistonga kirish uchun elektron ruxsatnoma olishi kerak. Qonunga koʻra, ruxsatnoma uchun arizachilardan toʻlov undiriladi. Toʻlov miqdori hali tasdiqlanmagan, shunday ekan, oʻzbek diplomatlari vatandoshlar uchun bu toʻlov miqdori imkon qadar pastroq belgilanishini soʻrab, qozoq baurlar bilan muzokara oʻtkazgani maqsadga muvofiq.
Elektron ruxsatnoma olish uchun ariza Qozogʻistonga kirishdan kamida 72 soat oldin, QazETA mobil ilovasi orqali beriladi. Ruxsatnomaning amal qilish muddati – 180 kun. Hozircha bu tartib test rejimida ishlayapti va 2026-yil avgustidan dekabrgacha bosqichma-bosqich joriy etilishi koʻzda tutilgan. Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston vatandoshlari Qozogʻistonda 90 kungacha vizasiz qolishi mumkin.
Tailand va Qozogʻistondan farqli ravishda, Oʻzbekiston dunyoga ochilishda davom etyapti. Prezident farmoni bilan, Hindiston fuqarolari uchun muayyan shartlar asosida vizasiz rejim joriy etildi. Bu tartib AQSH, Kanada, Britaniya, Shengen zonasi, Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya yoki Yangi Zalendiyaning amaldagi vizasiga ega hindistonliklarga taalluqli boʻlib, ular Oʻzbekistondan chiqib ketish aviachiptasini koʻrsatgan holda Oʻzbekistonga vizasiz kirishi va 30 kungacha qolishi mumkin. Bu esa turizm sohasi uchun yangi imkoniyatlar demakdir.
Bu haqdagi farmon oʻtgan hafta oxirida, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi davlat tashrifi bilan Toshkentga kelgan kuni imzolandi. Hindiston tomonidan bunga javoban mutanosib qadamlar yoki bayonotlar boʻlganicha yoʻq. Tashrif davomida ikki davlat oʻzaro munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqishini eʼlon qildi. Tomonlar imtiyozli savdo bitimi, uran yetkazib berish boʻyicha uzoq muddatli shartnoma va boshqa muhim hujjatlarni imzolashga yaqin turibdi.
Xitoy bilan savdoda 30 mlrd dollarlik marra

Siyosiy maydonda haftaning asosiy voqealaridan biri – Bishkekda oʻtgan Shanhay Hamkorlik Tashkiloti sammiti boʻldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev sammit doirasida Xitoy raisi, Rossiya prezidenti, Pokiston bosh vaziri bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi. Shuningdek, davlat rahbari Bishkekda AQSH prezidentining maxsus vakili va Amerika senatorini qabul qildi.
Prezident matbuot xizmati tarqatgan rasmiy xabarlardan ayniqsa Xitoy raisi bilan uchrashuvda muhokama qilingan mavzular koʻlami ancha kengligini koʻrish mumkin. Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston tomoni Xitoy bilan oʻzaro savdo hajmini 2025-yildagi 18 mlrd dollardan “yaqin yillarda” 30 mlrd dollarga yetkazish boʻyicha yangi marrani belgilashni ilgari surgan. Xitoy kompaniyalari Oʻzbekistondagi qoʻshma sanoat zonalarida yanada faol ishtirok etishga taklif etilgan.
Shavkat Mirziyoyev va Si Jinping uchrashuvida Xitoy kompaniyalarini Oʻzbekistondagi tinch atom loyihalariga jalb etish, Jizzaxdagi BYD zavodida ishlab chiqarish quvvatlari va mahalliylashtirish darajasini oshirish, oʻzaro vizasiz tartib fonida aviaqatnovlarni koʻpaytirish, Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston temiryoʻli qurilishi va boshqa qator mavzular muhokama qilindi.
Shaxsiy ehtiyoj uchun olib kirilgan tovarlarga boj pasayadi
Oʻzbekistonga bojsiz normadan ortiq qiymatda tovar olib kirish arzonlashadigan boʻldi. Prezident farmoniga koʻra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab yagona bojxona toʻlovi stavkasi 30 foizdan 20 foizga tushiriladi. Har bir kilogramm uchun belgilangan minimal toʻlov esa 3 dollardan 2 dollarga pasaytiriladi.
“Yagona bojxona toʻlovi” deganda, xorijdan notijorat maqsadda tovar olib kirayotgan jismoniy shaxslardan tovarning qiymati bojsiz normadan oshganda undiriladigan boj tushuniladi. Toʻlov stavkasi pasaygani bilan, oʻtgan yili pasaytirilgan bojsiz limitning oʻzi oʻzgarishsiz qoladigan boʻldi. 2025-yil 1-maydan eʼtiboran samolyotda keluvchilar uchun bu limit 2000 dollardan 1000 dollarga pasaytirilgan edi.
Stavkaning tushirilishini iPhone misolida koʻrib chiqadigan boʻlsak, hozir samolyotda keluvchilar shartli 1200 dollarlik iPhone'ning limitdan ortiqcha qiymati, yaʼni 200 dollar uchun 30 foiz stavkada 60 dollar boj toʻlashi kerak. Kelasi yilda stavka 20 foizga tushishi sabab, boj miqdori 40 dollarni tashkil etadi. Eslatib oʻtamiz, samolyotda qaytgan vatandoshlar Oʻzbekistonni tark etganiga 3 kundan oshmagan boʻlsa, bojsiz limit qoʻllanmaydi va boj tovarning toʻliq qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi.
Farmon bilan, shuningdek, Oʻzbekiston vatandoshlariga boshqa davlatdagi oʻziga tegishli avtomobilni Oʻzbekistonga vaqtincha olib kelish imkoniyatini yaratish ham koʻzda tutilyapti. Buning uchun bojxona toʻlovlari undiriladi. Yil oxiriga qadar tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, jismoniy shaxslar Oʻzbekiston hududidan deklaratsiyasiz olib chiqib ketishi mumkin boʻlgan naqd valyutaning maksimal qiymatini oshirish ham nazarda tutilmoqda. Amaldagi tartibga koʻra, 100 mln soʻmgacha ekvivalentdagi naqd valyutani hech qanday hujjatsiz xorijga olib chiqish mumkin. Bu miqdorni endi 10 ming dollar deb belgilash reja qilingan. Bu haqdagi qonun loyihasi ham yil oxirigacha tayyor boʻlishi kerak.
Zafarobod tumani hokimi avtohalokatga uchradi

Voyaga yetmagan bolalarning avtomobil boshqarishi – oxirgi oylarda eng koʻp muhokama boʻlayotgan mavzulardan biri. Jizzaxda roʻy bergan avtohalokat esa shu mavzuni yana muhokama markaziga olib chiqdi. Gap shundaki, 30-avgust kuni Zafarobod tuman hokimi Gʻayratjon Eshpoʻlatov oʻziga biriktirilgan KIA Seltos rusumli xizmat avtomobilida yoʻl-transport hodisasiga uchragan. Kun.uz'ning bir-biridan mustaqil ikki manbasiga koʻra, rulda hokimning maktabda oʻqiydigan oʻgʻli boʻlgan.
Manbalarga koʻra, yengil avtomobil yuk mashinasining orqasiga urilgan, natijada ota-bola tan jarohatlari bilan dastlab Zafarobod tuman tibbiyot birlashmasiga, keyin ogʻir ahvolda Respublika shoshilinch yordam ilmiy markazining Jizzax filialiga olib borilgan.
Hokimning matbuot xizmati avtomobil rulida uning oʻgʻli boʻlganini rad etdi. Maʼlum qilinishicha, avtohalokat 30-avgust kuni soat 7:45 larda Nurafshon mahallasi hududida roʻy bergan: MAZ rusumli yuk mashinasi chapga burilmoqchi boʻlib, roʻparasidan kelayotgan KIA Seltos'ning yoʻliga chiqib ketgan. Rasmiy versiyaga koʻra, rulda hokim Eshpoʻlatov boʻlgan, uning voyaga yetmagan oʻgʻli esa yoʻlovchi boʻlgan va ularning ikkisi ham jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan. Yuk mashinasi haydovchisi jarohat olmagan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Toshkentda asfalt ostidan gaz sizib chiqdi

Toshkent shahri Glinka koʻchasida gʻalati portlash roʻy berdi. Hodisa Shota Rustaveli haykali oldida ijtimoiy tarmoq uchun video olayotgan blogerning kamerasiga tushib qolgan, unda nariroqda bangʻillagan ovoz bilan qora chang koʻtarilganini koʻrish mumkin. Portlash asfalt ostida roʻy bergan, natijada bir kishi jarohatlangan; bir nechta avtomobilga zarar yetgan.
Voqea payshanba kuni tushdan keyin roʻy bergan boʻlsa, kun oxirigacha tabiiy gaz, ichimlik suvi va issiqlik taʼminoti korxonalari galma-galdan bayonotlar eʼlon qilib, bu hodisa ularning tasarrufidagi quvurlar bilan bogʻliq emasligini maʼlum qildi. Xususan, Veolia kompaniyasi hodisa joyiga yaqinda yotqizilgan issiqlik taʼminoti quvurlari butun va shikastlanmagani, quvurlarda suv va bosim boʻlmaganini bildirdi.
Ertasi kuni Toshkent shahar hokimligi oʻrganishlarning dastlabki xulosasini eʼlon qildi. Unga koʻra, diametri 219 mm boʻlgan yerosti gaz quvuridan gaz sizib chiqib, issiqlik tarmogʻi kamerasida toʻplangan va avariya holatini keltirib chiqargan. Tekshiruv davomida gaz quvurining taxminan 15×25 sm maydonida bir nechta joydan gaz sizib chiqayotgani aniqlangan.
Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, barcha tafsilotlar oʻrganilmoqda. Hokimlik tergov yakunlariga koʻra aybdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishini bildirdi. Shuningdek, bunday holatlarning takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun muhandislik tarmoqlarining holati tekshirilayotgani maʼlum qilindi.
Bu hafta yana nimalar roʻy berdi?

Oʻzbekiston boʻylab 10 mingdan ortiq maktablarda birinchi qoʻngʻiroq chalindi. Bu yil birinchi sinfga chiqqan oʻgʻil-qizlar soni qariyb 795 mingga yetdi. Maktab oʻquvchilarining jami soni esa 6,7 milliondan oshdi. Bu oʻquv yilidan boshlab yana 1,5 mingta maktabda yangi baholash tizimiga oʻtildi va bu tizim joriy etilgan maktablar soni 5 mingdan oshdi. Yaʼni, endi respublika boʻyicha har ikkita maktabdan birida oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalari 100 ballik shkalada baholanadi. Eslatib oʻtamiz, oliygohlarda 1-bosqich talabalari 7-sentabrdan, yuqori kurslar esa 14-sentabrdan boshlab oʻqishga kirishadi. Toshkent shahrida tirbandlikni kamaytirish uchun OTMlardagi darslar soat 8 dan boshlanishi belgilangan.
Samolyotdan tushib, aeroportning oʻzidan poyezdga oʻtirish mumkin: xorijda keng tarqalgan bunday amaliyot Oʻzbekistonda birinchi boʻlib Xorazmda joriy etildi. Urganch xalqaro aeroportidan Xiva shahriga tezkor elektropoyezd qatnovi boshlandi. Xitoydan olib kelingan poyezd hozircha kuniga bir marta qatnaydi: ertalab Urganchdan Xivaga borib, kechqurun ortga qaytadi. Xuddi shu poyezd dushanba kuni sinov reysi bilan Andijonga ham yetib borgan edi: viloyat hokimligi xabariga koʻra, qatnov yoʻlga qoʻyilgach, Toshkentdan Andijongacha boʻlgan masofa 4 soatgacha qisqaradi. Mustaqillik bayramida, shuningdek, Boysun–Denov avtomobil yoʻlining birinchi bosqichi va Urganch–Xiva pulli yoʻli ham foydalanishga topshirildi.
Behzod Musayev Migratsiya agentligi direktori lavozimidan olindi. Bu isteʼfo agentlik atrofidagi bir nechta shov-shuvli va korrupsion mojarolar fonida roʻy bermoqda. Rasmiy xabarda Musayev boshqa ishga oʻtayotgani aytilgan, qanaqa ishligi hozircha maʼlum emas. Uning oʻrniga Migratsiya agentligi direktori lavozimiga Muhsinxoʻja Abdurahmonov tayinlandi. U besh yildan buyon Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchisi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Umid qilamizki, asosiy faoliyati xorijdagi hamkorlar bilan bogʻliq boʻlgan agentlikka nihoyat professional diplomatning tayinlanishi ijobiy samara beradi.














