Xitoy hukumati Shinjong muxtor tumanida yashovchi Islom diniga e'tiqod qiluvchi uyg‘ur va boshqa millat vakillariga o‘z farzandlariga Muhammad, Jihod, Islom, Madina kabi islomiy ismlarni berishni taqiqlab qo‘ydi, deb xabar beradi Financial Times nashri.
«Biz munitsipal hukumatdan Shinjongda tug‘ilganlarga o‘ta diniy va ayirmachilikka xizmat qiluvchi ismlarga ega bo‘lolmasligi haqida bildirishnomani oldik, — deydi Shinjong muxtor tumani poytaxti Urumchidagi jamoatchilik xavfsizligi xodimi va davom etadi: — Agar oilangizda shunday holat mavjud bo‘lsa, farzandingizni ismini o‘zgartirishingiz kerak bo‘ladi».
Ism berishning yangi qoidalariga amal qilmaydiganlar xo‘jalik yuritish uchun huquqlardan mahrum bo‘ladi, kelajakda ta'lim olish uchun kerak bo‘ladigan zarur shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘la olishmaydi, ijtimoiy ta'minot va bandlik bo‘yicha imtiyozlardan mahrum bo‘lishadi.
Yangi qoidalar 2015 yildan beri amalda bo‘lgan qoidalarning kengaytirilishi hisoblanadi. O‘shanda qabul qilingan qoidalarga ko‘ra, Xotan prefekturasida «Fotima» yoki «Saddam» kabi ismlar taqiqlangan edi.
Mintaqada yashovchi 11 milliondan ziyod uyg‘ur — turkiy tilli lingvistik va madaniy aloqalarga ega musulmon etnik guruhi ism berishdagi cheklovlarning birinchi navbatdagi nishoni hisoblanadi. Shinjong esa musulmonlik aqidasiga amal qiluvchi boshqa milliy ozchiliklar — mo‘g‘ullar, tojiklar, qozoqlar va xueylar uchun ham vatan hisoblanadi.
Shinjongliklarning aytishicha, yangi cheklovlar ular har kuni to‘qnash kelayotgan, mavjud etnik diskriminatsiyani kuchaytiradi.
«Xanlar bizni qonxo‘r va johil hisoblashadi, — deydi Shinjongning shimolida yashovchi etnik musulmon mo‘g‘ul. — Biz mamlakat bo‘ylab sayohatga chiqqanimizda ular shaxsimizni tasdiqlovchi hujjatdagi islomiy ismlarimizga ko‘zi tushib, bizga mehmonxonalarda qolish, ijaraga kvartira olishni taqiqlashadi».
2009 yilda Urumchida ro‘y bergan qonli voqealardan so‘ng, xususan uyg‘urlar, kiyinish, ibodat va sayohat borasida qattiq cheklovlarga duchor bo‘lgan.
So‘nggi bir necha yil ichida islomga tegishli ayrim ramzlarni, xususan soqol qo‘yish va hijobni taqiqlashgan, hududning 800 mingdan ziyod davlat xizmatchisiga diniy marosimlarda qatnashish man etilgan. Noyabr oyida mahalliy hukumat Shinjongning barcha aholisiga pasportlarini politsiyaga topshirib, uni qaytarib olishda rasmiy tilxat talab qilishgan.
















