Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Merkel partiyasi 34,3 foiz ovoz to‘plagan. 2-o‘rinni 30,6 foiz ovoz bilan Germaniya sotsial-demokratik partiyasi egallamoqda. Keyin erkin demokratlar (12,2 foiz), "Yashillar" (6 foiz), "So‘llar" (5 foiz) va "Germaniya uchun muqobil" (7,7 foiz) partiyalari kelmoqda.
"Bu yildagi eng katta maqsad sentabrda bundestagga saylovlarda yutishdir. Biz shu saylovlarni yutmoqchimiz. Shuning uchun bugun bizda bayram, ertadan boshlab Germaniya farovonligi uchun jiddiy ish boshlanadi", deb aytdi jurnalistlarga partiya bosh kotibi Peter Tauber.
Axborot agentligining ta'kidlashicha, sotsial-demokratlar Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yeridagi saylovlarni "bundestagga mini-saylovlar" deb ta'riflashadi.
Germaniya saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, saylovlarda 65,5 foiz saylovchilar ishtirok etgan.











