O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida Xorazm viloyatida bo‘lganda, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm filiali faoliyati bilan yaqindan tanishgan edi.
Davlat rahbari bemorlar holidan xabar olib, filial faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha fikrlar bildirib, shifoxona negizida Rossiya Federatsiyasining A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy-amaliy markazi filialini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Mazkur shifoxona kelajakda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari aholisi uchun mintaqaviy markaz bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Kun.uz’ga Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, shu munosabat bilan joriy yilning 2 iyun kuni Rossiya Federatsiyasining A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir xirurgiyasi markazi direktori, akademik L.A.Bokeriya yurtimizga navbatdagi tashrifini amalga oshirdi.
Tashrif davomida Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Bosh kardioxirurgi L.A.Bokeriya Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm filialida bo‘lib, o‘zbekistonlik shifokorlar faoliyati bilan yaqindan tanishadi.
Mazkur shifoxonada aholiga malakali davolash va profilaktika xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Kardiologiya, kardioreabilitatsiya, kardioxirurgiya, interventsion kardiologiya va fizioterapiya bo‘limlari, poliklinika xalq xizmatida.

Bugun faqat Xorazm viloyati aholisiga xizmat ko‘rsatayotgan filial shifokorlari tomonidan yiliga yuzdan ortiq kardioxirurgik amaliyotlar o‘tkazilayotgan bo‘lsa, mintaqaviy shifoxona maqomini olgach, bu ko‘rsatkich 3-4 barobar oshishi kutilmoqda.
Joriy yildan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm filialiga angiografiya tibbiyot uskunasi o‘rnatildi. Ushbu zamonaviy apparat yurak holatini chuqur o‘rganish barobarida, o‘pka arteriyasi bosimini ham mukammal tahlil qilish imkonini beradi. Bu bilan kardiojarrohlikda eng murakkab amaliyot hisoblanadigan qon tomirlarini stentlash jarrohlik amaliyoti, aorta koronar shuntlash amaliyoti o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda har ming chaqaloqning 6-7 nafarida tug‘ma yurak nuqsoni qayd etiladi. Vaholanki, bu xastalikni operatsiya yo‘li bilan butunlay bartaraf etish va bemorni to‘laqonli hayotga qaytarish mumkin. Lekin bunday jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun barcha klinikalarda ham yetarli sharoit mavjud emas.









