Nodir To‘raqulov – GoogleInc.dagi pasportining “millati” deyilgan satrida “o‘zbek” deb yozilgan dastlabki xodimlardan biri. U to‘sqinliklar, cheklovlar, to‘g‘anoq bo‘luvchi omillar kabi tushunchalarning havoyi gaplar ekanligini isbotladi. Qanchalik siyqasi chiqqan bo‘lmasin, haqiqat shu: iloji yo‘q ishning o‘zi yo‘q. Faqat maqsadni to‘g‘ri qo‘yish, intilish va olg‘a qadam bosish kerak, deb yozadi Kommersant.uz.

– 1987 yilda Toshkentda, olimlar oilasida tug‘ilganman. Ota-onam Yadro fizikasi institutida ishlar edilar. Buvam va buvim ham ilm ahllaridan bo‘lishgan, xususan, dadam tomonidan bobom O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti bo‘lganlar.

Bolaligimda ko‘chada sang‘ishdan ko‘ra uyda, konstruktor o‘yinini o‘ynab yoki kitoblar o‘qib o‘tirishni afzal bilardim. O‘sha paytlardayoq kompyuterga qiziqdim. Yangi videoo‘yinlar yuklagani kompyuterning quvvati yetmay qolganda Windows’ni o‘rganishga to‘g‘ri keldi.

– IT-sohaga qiziqish qachon paydo bo‘lgan?

– 50-maktabning yuqori sinfida o‘qiyotganimda fizika-matematika yo‘nalishini tanladim. Yettinchi sinfda Pascal tilida dasturlash bo‘yicha darslar boshlandi. Birinchi chorakda men dasturlash nimaligini yaxshi tushunmasdim va, natijada, uch baho oldim. Lekin ikkinchi chorakdagi darslarning birida ko‘zim yarq etib ochilgandek bo‘ldi, berilgan vazifani qanday yechishni topa oldim. Vazifani uddalagach, bu ish qiziqarli ko‘rindi va yana qo‘shimcha vazifalar so‘radim, ularning barchasini yechdim. O‘sha kun hamon yodimdan chiqmaydi.

O‘zbekiston Milliy universiteti matematika fakultetidagi dasturlash darslarida men allaqachon bilgan mavzularni o‘tardik. Birinchi kursda edik, bir kuni men o‘qituvchi doskaga yozgan dasturdagi xatoni topdim. U, agar so‘zimni isbotlay olsam, mashg‘ulotlardan ozod etishini aytdi. O‘sha darsdan keyin informatika mashg‘ulotlariga qatnamadim.

Oxirgi ikki yilda ayniqsa ko‘p dars qoldirgandim. Ikkinchi kursdan men dasturlash bo‘yicha xalqaro olimpiada (ACM ICPC)da qatnasha boshladim va unga tayyorgarlik ko‘rish menga birinchi semestrlarga qatnamaslik huquqini beradi, deb o‘ylardim.

– AQShda ish boshlaguningizcha O‘zbekistonda nimalar bilan shug‘ullangansiz?

– 2006–2008 yillarda NetDec kompaniyasida dasturchi bo‘lib ishladim. Birinchi yil biz 1Sda buxgalterlik ilovasini ishlab chiqdik. Ikkinchi yili men C#da 1S loyihasini boshladim, uni UZTO deb nomlagandik. Keyinchalik NetDec ushbu platformada bir qancha ilovalar yaratdi.