Jamiyat | 11:30 / 13.07.2017
10050
4 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev XDPga: Partiya qachon birorta qonun tashabbuskori bo‘lib maydonga chiqdi?

Foto: Xalq demokratik partiyasi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 2017 yil 12 iyul kuni parlament palatalari, siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Ekologik harakati, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari faoliyatining tahlili hamda istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Majlisda nutq so‘zlagan prezident parlamentda fraksiyalar o‘rtasida fikrlar xilma-xilligi va raqobat yo‘qligini tanqid qildi.

«Shu nuqtai nazardan qaraganda, avvalo siyosiy partiyalar faoliyatidagi ayrim muammo va kamchiliklar haqida so‘z yuritish o‘rinli, deb o‘ylayman. 

Bugungi kunda siyosiy partiyalar o‘z elektoratiga bergan va'dalarini, saylovoldi dasturlarini to‘la va samarali bajarmoqda, deb aytolmaymiz. Ular hanuzgacha mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida, fuqarolar ongida o‘zining mustahkam o‘rnini egallay olmadi. 

Siyosiy partiyalar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatida partiya fraksiyalari tomonidan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslar deyarli sezilmayapti. 

Masalan, Xalq demokratik partiyasi o‘zini pensionerlar, kam ta'minlangan aholi qatlamlari manfaatlarining himoyachisi sifatida namoyish etadi. Lekin, xolisona aytadigan bo‘lsak, partiya shu maqsad yo‘lida haqiqatan ham amaliy ish olib boryaptimi? 

Partiya pensionerlarning hayot darajasini, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘zga ko‘rinadigan tashabbuslar bilan chiqyaptimi? 

Shu borada bir misolga murojaat qilaylik. Ma'lumki, pensionerlarning muayyan bir qismini nogironlar tashkil etadi. Lekin hozirgi vaqtda ular o‘zini jamiyatning to‘laqonli a'zosi deb his qilishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmagan. Bu haqiqatni afsus bilan tan olish kerak. Nogironlarni, aytaylik, protezlar, invalidlar kolyaskalari bilan ta'minlash, ularning turar-joy va ma'muriy binolarga kirib-chiqishi, metro va avtobuslardan bemalol foydalanishi uchun panduslar va platformalar qurish kabi masalalarda, umuman, ushbu sotsial toifaning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlashda talaygina kamchilik va muammolar borligi sir emas. 

Shu borada XDP qachon birorta qonun tashabbuskori bo‘lib maydonga chiqdi va uning ijrosi ustidan qanday nazorat olib bordi? Yoki «Muruvvat», «Saxovat» va «Mehribonlik» uylari faoliyatini yaxshilash bo‘yicha partiya tomonidan amaliy harakatlar bo‘lyaptimi? 

Yana bir muhim masala – pensionerlarni dori-darmon bilan ta'minlashdagi muammolarni hal etish uchun ushbu partiya nima ish qildi? 

Agar Xalq demokratik partiyasi mana shu muhim ijtimoiy masalalar bilan yaqindan shug‘ullanganida edi, o‘ylaymanki, Prezidentning Xalq qabulxonalariga aholining kam ta'minlangan qatlamlaridan, avvalo, pensionerlardan ko‘plab shikoyat va arizalar tushmagan bo‘lardi», deya prezidentning so‘zlarini keltirgan O‘zA. 

Mavzuga oid